Shavkat Mirziyoyev: “Yashasin O‘zbekiston Respublikasi! Yashasin O‘zbekiston xalqi!”

O‘zbekiston 20:18 / 31.08.2024 4830

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mustaqillik bayrami nutqida O‘zbekistonning tashqi siyosatida yaxshi qo‘shnichilik asosiy tamoyil ekanini ta’kidladi.

“Bundan sakkiz yil oldin Markaziy Osiyo tashqi siyosatimizning eng ustuvor yo‘nalishi deb belgilandi. Shu asosda qo‘shnilarimiz bilan do‘stona munosabatlar tubdan yaxshilandi

Barchamizning fidokorona mehnatimiz bilan xalqlarimizning barqaror taraqqiy etgan, tinchlik va hamjihatlik ruhi hukm suradigan Yangi Markaziy Osiyo haqidagi orzusi real haqiqatga aylanmoqda.

Mintaqamiz iqtisodiy o‘sish va investitsion faollik markazlaridan biri sifatida jadal rivojlanmoqda.

Bugungi noyob tarixiy imkoniyatlar asosida Markaziy Osiyoda har tomonlama sog‘lom siyosiy muhit, kelgusi avlodlar uchun erkin va xavfsiz kelajak yaratishimiz zarur.

Ayni paytda dunyoning barcha davlatlari bilan teng huquqli, o‘zaro manfaatli aloqalarimizni yangi bosqichga ko‘taramiz”, – dedi davlat rahbari.

Prezident O‘zbekistonning xorijdagi do‘stlari va hamkorlariga, bugungi tantanada ishtirok etayotgan diplomatik korpus vakillariga minnatdorchilik izhor etdi.

27 oktyabr kuni Oliy Majlis va hududlardagi vakillik organlariga saylovlar o‘tkaziladi. Siyosiy jarayon ilk marta aralash saylov tizimi asosida o‘tkaziladi. Bu haqda so‘z yuritgan Shavkat Mirziyoyev siyosiy partiyalar tomonidan Qonunchilik palatasiga deputatlikka nomzodlar ko‘rsatishda xotin-qizlarning ulushi kamida 40 foiz bo‘lishi belgilab qo‘yilganini e’tirof etdi. Prezident bo‘lg‘usi saylovlar xalqaro saylov standartlari va milliy saylov qonunchiligiga to‘la muvofiq holda, kuchli raqobat muhitida bo‘lib o‘tishiga ishonch bildirdi hamda butun xalqni saylovda faol ishtirok etishga chaqirdi.

“Bugun shiddatli hayotning o‘zi barchamizni yanada ulkan marralar sari da’vat etmoqda. O‘z kuchimiz va salohiyatimiz bilan barpo etgan mustaqil davlat, erkin va ozod jamiyatni yanada kuchli, yanada go‘zal va obod etish bosh vazifamizga aylanmoqda. Bu shunday yuksak marraki, unga erishish uchun har qancha mehnat qilsak arziydi. Bu shunday buyuk, sharafli maqsadki, unga butun borlig‘imizni baxsh etsak arziydi.

Men ishonaman – barchamiz bir bo‘lib, aql-zakovat, bilim va tajribamiz, kuch-g‘ayratimizni ishga solib, bu ulug‘ manzilga albatta yetamiz. Yorug‘ va nurafshon kelajagimizni – Yangi O‘zbekistonni albatta barpo etamiz!

Bugungi imkoniyatdan foydalanib, mana shunday ezgu g‘oya atrofida birlashib, islohotlarimizni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan, fidokorona mehnati bilan yangi hayot binosini barpo etayotgan buyuk xalqimizga farzandlik mehri bilan ta’zim qilaman.

Yashasin O‘zbekiston Respublikasi! Yashasin O‘zbekiston xalqi!” – dedi prezident Shavkat Mirziyoyev nutqining yakunida.

Yangi O‘zbekiston bog‘ida davlat rahbarining nutqi yakunlanib, davlat madhiyasi yangrashi chog‘ida harbiy havo kuchlari uchuvchilari beshta Su-25 samolyotlari bilan osmonni O‘zbekiston davlat bayrog‘i ranglari bilan bo‘yadi.

Ko‘proq yangiliklar: