«Meduza» asoschisi Galina Timchenko Rossiyada «chet el agenti» deb e’lon qilindi

Jahon 13:51 / 31.08.2024 1298

Rossiya Adliya vazirligi «Meduza» internet-nashrining noshiri va asoschisi Galina Timchenko va «Svobodnyy universitet» professori, huquqshunos Yelena Lukyanovani «chet el agentlari» ro‘yxatiga kiritdi. Bu haqda 30 avgust, juma kuni idora saytida xabar berildi.

Adliya vazirligi o‘z qarorini Timchenko va Lukyanova boshqa «chet el agentlari» materiallarini yaratish va tarqatishda ishtirok etgani, shuningdek, Rossiya rasmiylarining qarorlari va siyosati haqida «ishonchsiz ma’lumot» tarqatganligi bilan izohladi. Bundan tashqari, Timchenko Rossiya armiyasining «salbiy imijini yaratishga qaratilgan noaniq ma’lumotlarni» tarqatgan, Lukyanova esa Rossiya hududida «nomaqbul» deb hisoblangan tashkilotlar bilan aloqa qilgan. Adliya vazirligiga ko‘ra, Lukyanova ham, Timchenko ham Rossiya Federatsiyasidan tashqarida yashaydi, ikkalasi ham Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaga hujumiga qarshi bo‘lgan.

Bundan tashqari, «Grajdanskaya initsiativa protiv ekologicheskoy prestupnosti» notijorat tashkiloti va «Koalitsiya Novosibirsk 2020» uyushmasi «chet el agentlari» reyestriga kiritilgan. Adliya vazirligi ular Rossiya hukumati haqida «noto‘g‘ri ma’lumotlar» va «chet el agentlari» materiallarini tarqatganini, shuningdek, Ukrainadagi urushga qarshi ekanligini bildirdi.

Rossiyada «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun 

Rossiyada «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun 2012 yilda paydo bo‘lgan. O‘shandan beri bir necha yuzlab tashkilotlar va shaxslar taqiqlanganlar ro‘yxatiga kiritilgan. Jismoniy shaxslar – «chet el agentlari» reyestri 2022 yil aprel oyi boshida ishga tushirilgan bo‘lib, u NNT– «chet el agentlari», OAV – «chet el agentlari» va ro‘yxatdan o‘tmagan tashkilotlar – «chet el agentlari» ro‘yxati bilan bir qatorda to‘rtinchi ro‘yxat bo‘ldi. 

2022 yil dekabr oyidan boshlab qonun Rossiya rasmiylariga ko‘ra, «chet eldan yordam oladigan» va «xorijiy ta’sir ostida» bo‘lganlarni «chet el agentlari» deb e’lon qilish imkonini beradi.

2024 yil mart oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya fuqarolari va kompaniyalariga «chet el agentlari» resurslarida – ularning veb-saytlarida, ijtimoiy tarmoqlarida, bloglarida va boshqa platformalarida reklama joylashtirishni taqiqlovchi qonunni imzoladi. Yangi qonun, shuningdek, «chet el agentlari» resurslarini ommaviy axborot vositalari va internetda reklama qilishni ham taqiqlaydi.

Ko‘proq yangiliklar: