Italiya hukumati yoz mavsumida sayyohlar oqimi haddan ziyod ko‘paygani sababli ular uchun turistik soliqlarni oshirish imkoniyatini o‘rganmoqda. Bu haqda The Telegraph xabar berdi.
Hozir mamlakatda turistik soliq ham chet ellik, ham italiyalik sayyohlardan undirilishi mumkin. Yig‘im miqdori mehmonxona yoki hostelda bir kecha tunash uchun kishi boshiga 1 yevrodan 5 yevrogacha bo‘ladi — bu sayyoh joylashgan maskan necha yulduzli ekaniga bog‘liq. Endi Italiya hukumati soliqni oshirish masalasini ko‘rib chiqmoqda.
Turizm vaziri Daniel Santanchening so‘zlariga ko‘ra, hukumat bu tashabbusni sentabr oyida turizm sohasi vakillari bilan muhokama qiladi va shundan so‘ng soliqlarni oshirish zarurati bor-yo‘qligini aniqlaydi.
“Turizm rivojlanib borayotgan davrda bunday choralarni (mamlakat sayyohlik sanoati taklif etayotgan) xizmatlarni chinakamiga yaxshilash va ular uchun haq to‘layotgan sayyohlarni yanada mas’uliyatliroq qilish maqsadida muhokama qilyapmiz”, — dedi vazir ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida.
Italiyaning yirik mehmonxonalari va xalqaro mehmonxona tarmoqlari manfaatlarini himoya qiluvchi Confindustria Alberghi tashkiloti rahbari Barbara Kasilo jurnalistlarga qimmat turistik soliqlar “sayyohlarni cho‘chitib yuborishi” haqida ogohlantirdi.
“Bu ularni Yevropaning boshqa manzillarini tanlashga majbur qilishi mumkin”, — dedi u.
- Avvalroq Venetsiya hokimiyati 1 avgustdan boshlab shaharga guruh bo‘lib tashrif buyuradigan sayyohlar sonini 25 nafargacha cheklash to‘g‘risida qaror qabul qilgandi. Bundan tashqari, endi gidlarga ekskursiyalar paytida ovoz kuchaytirgichlardan foydalanish taqiqlandi. Hokimiyat asrab qolish maqsadida ommaviy turizmga qarshi kurashishga tayyorligini bir necha bor ta’kidlagan.