AQSh F-16 qiruvchilariga xizmat ko‘rsatuvchi mutaxassislarini Ukrainaga yuborishni rad etdi – The Wall Street Journal

Jahon 21:32 / 31.08.2024 6160
Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov va MXM Kengashi kotibi Aleksandr Litvinenko F-16 qiruvchisi oldida. Ukrainaning noma’lum hududi.
Foto: Valentin Ogirenko / Reuters

AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati G‘arb harbiy texnikasi, jumladan F-16 qiruvchi samolyotlariga xizmat ko‘rsatish uchun amerikalik pudratchilar, muhandislarni Ukrainaga yuborish taklifini rad etdi. Bu haqda The Wall Street Journal nashri o‘z manbalarga tayanib xabar bermoqda.

Taklif AQSh Milliy Xavfsizlik Kengashi tomonidan ko‘rib chiqilgan, lekin razvedka idoralari amerikalik mutaxassislarni yuborish juda xavfli ekanini aytib, bu taklifga qarshi chiqqan. «Razvedka idoralari Rossiya Ukrainadagi amerikalik mutaxassislarni nishonga olish ehtimolidan xavotir bildirdi», degan nashr suhbatdoshlaridan biri. Oq uy – amerikalik mutaxassislar Ukrainada hujumga uchrab qolsa, unga qarshi javob berish uchun yetarli rejalari yo‘qligidan xavotirda.

Bayden ma’muriyati Yevropa davlatlari F-16 samolyotlariga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha mas’uliyatning katta qismini o‘z zimmasiga olishiga umid qilmoqda. Pentagon kutilmalariga ko‘ra esa ukrainaliklar F-16 samolyotlarini mustaqil ravishda saqlab turishi mumkin. Chunki shu turdagi qiruvchi samolyotlarga ega barcha davlatlar, jumladan Qo‘shma Shtatlar ham texnik xizmat ko‘rsatishda u yoki bu darajada xususiy kompaniyalar xizmatlaridan foydalanadi.

Shu bilan birga AQSh qo‘shimcha diplomatlar, harbiy xizmatchilar va boshqa davlat mutaxassislaridan kichik kontingentini Kiyevdagi elchixonasiga yuborgan.

26 avgust kuni Ukraina Qurolli kuchlari G‘arb ittifoqchilaridan olingan birinchi F-16 qiruvchisini yo‘qotdi. Ukraina va AQSh rasmiylar halokat sabablarini oshkor etmadi va hozircha tekshiruv davom etmoqda.

AQSh harbiy havo kuchlarining eng mashhur reaktiv qiruvchi samolyotlari biri bo‘lgan F-16 doimiy ravishda yuqori malakali texnik xizmat ko‘rsatish, jumladan parvoz vaqtining har bir soati ham xizmat ko‘rsatishni talab qiladi. Odatda har bir jangchi-uchuvchi bilan o‘nlab malakali yordamchi xodimlar ishlaydi.

Harbiy samolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatish Ukrainaning o‘z hududini himoya qilishi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. Chunki rasmiy Kiyev F-16 samolyotlari Rossiyaning havodagi ustunligiga to‘sqinlik qilib, harbiy va fuqarolik infratuzilmasiga uchirilgan raketalarni urib tushirishiga umid qilmoqda. Samolyotlarning qismlarni ta’mirlab, almashtiruvchi fuqarolik mutaxassislarisiz – Ukraina G‘arb texnikalarini saqlab qolish uchun ham kurashishi kerak bo‘ladi.

«Biz Ukrainaga jang qilish uchun AQSh harbiylarini yubormaymiz, buni aniq aytganmiz. Lekin Mudofaa vazirligi pudratchilari borasida bunday qaror yo‘q», — dedi Pentagon rasmiysi.

Ukraina Gollandiya, Norvegiya, Daniya va Belgiyadan eski va yangilangan F-16 qiruvchilarini olishi kutilmoqda.

Piroschka van de Wouw / Reuters

Nashrning yozishicha, Niderlandiya yuqori martabali harbiy ofitseri mamlakat F-16 samolyotlarini saqlash, texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha fuqarolik kompaniyasi va Ukraina armiyasi o‘rtasida tuziladigan shartnoma pulini to‘lab berishini tasdiqlagan.

«Biz Ukraina hukumatini xususiy sheriklar bilan shartnomalar tuzishda ular kelajakda samolyotni ishga tushira oladimi yoki yo‘qligini ko‘rish uchun moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlaymiz», dedi Niderlandiya mudofaa vaziri Onno Eyxelshaym Vashingtonda jurnalistlar bilan suhbatda.

Ukrainaliklar bundan tashqari, AQSh taqdim qilgan Abrams kabi tanklarni asrash uchun ham harakat qilmoqda. Chunki, bu texnikalarni ta’mirlash uchun Ukraina harbiylari xorijdagi mutaxassislar bilan video aloqa qilishga majbur bo‘lishmoqda. Yoki ta’mirtalab texnikalar xorijga ta’mirlash uchun xorijga yuboriladi. Bu esa urushdagi davlat texnikalarni kechikishiga olib kelmoqda.

Ukraina joriy yil iyul oyida va’da qilingan 79 ta F-16 qiruvchilarining dastlabki o‘ntasini qabul qilib oldi. Bu yil Ukraina ushbu samolyotlardan 20 tasini olishi kerak, qolganlari 2025 yilda keladi.

Foto: AP / Efrem Lukatsky

26 avgust kuni esa Ukraina ittifoqchilaridan olgan birinchi F-16 qiruvchisini yo‘qotdi. Halokatda uchuvchi podpolkovnik Aleksey Mes halok bo‘ldi. Halokatidan ko‘p o‘tmay, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukraina Qurolli kuchlari Harbiy-havo kuchlari qo‘mondoni Nikolay Oleshchukni ishdan bo‘shatdi.

Ko‘proq yangiliklar: