Yangiyo‘lda aholi bir oydirki tutun ichida yashamoqda. Mas’ullarga qilingan murojaat ish bermagan

Jamiyat 17:15 / 30.08.2024 4550

Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida qariyb bir oydan beri chiqindi poligoni tutab yonmoqda. Bu haqda Kun.uz’ga hududda yashovchi aholi murojaat bilan chiqdi.  

Murojaatchilarga ko‘ra, chiqindi poligonidan chiqayotgan tutun atrofni qoplab olgan va buning oqibatida hududda yashovchi aholi aziyat chekmoqda. Ularning mas’ullarga qilgan murojaatlari esa natijasiz bo‘lgan.

Chiqindixona bir oydan buyon yonmoqda, ammo hech kimning ishi yo‘q, birov kelib shug‘ullanmadi bu muammo bilan. Uning tutunidan qariyalar va bolalar nafas olishga qiynalishyapti, bu ularning sog‘ligiga jiddiy ta’sir qilmoqda. Tegishli joylarga murojaat qildik, foydasi bo‘lmadi. Ulardan faqat “endi yonmaydi”, degan bir xil javobni eshityapmiz”, deyiladi murojaatda.

 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 

Publikatsiya ot Kun.uz (@kun.uz)

Ushbu chiqindixona birinchi bor yonayotgani yo‘q. Poligonda oldin ham yong‘in chiqqan va aholi undan aziyat chekkan. Biroq bu biror mutasaddining e’tiborini tortmagan. 

Masalan, 2019 yilda mazkur chiqindixonani obodonlashtirish masalasi ko‘tarilganida Yangiyo‘l tumani hokimligi masalani “Toza hudud” DUK zimmasiga yuklab qo‘yaqolgandi

“Bu chiqindi poligoni 37,5 gektar yer maydonidan iborat. Yangiyo‘l tumani va shahriga xizmat qiladi. U “Toza hudud” davlat unitar korxonasi balansida bo‘lganligi uchun ushbu masalaga aniqlik kiritish va yechimini topish uchun “Toza hudud” davlat unitar korxonasiga murojaat etish maqsadga muvofiq”, deyilgandi o‘shanda hokimlik axborotida. 

Mas’ullar muammoni bu shaklda bir-biriga “uloqtirayotgan” bir paytda bir oydirki atmosferani ifloslantirayotgan tutun ekologiya xodimlarining ham e’tiborini tortmagani qiziq. Bir bosh echki kichik bir niholning bargini yeganida bundan darhol xabardor bo‘ladigan ekologlar katta bir hududda qariyb 40 gektarlik chiqindixona tutab yotganligini ko‘rmay qolishi ehtimoldan ancha yiroq. 

Hudud aholisi mas’ullar tezroq masala e’tibor qaratishidan, tutayotgan tutun to‘xtatilishidan va toza havodan nafas olishlaridan umidvor. 

Ko‘proq yangiliklar: