Ukraina bosh qo‘mondoni Pokrovsk yaqinidagi «shiddatli janglar» haqida xabar berdi

Jahon 11:53 / 30.08.2024 7655

29 avgust, payshanba kuni Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy Pokrovsk yo‘nalishidagi vaziyat haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u hozir jangovar zonadagi eng qiyin yo‘nalishdir. «Eng shiddatli janglar Grodovkaning sharqiy chekkasida, Kamenniy va Krasniy chizig‘i bo‘ylab, to‘g‘ridan to‘g‘ri Novogrodovkada, pastda, Mixaylovkaning sharqiy chekkasida, old tomonida kuzatilmoqda. Selidovodagi janglar nihoyatda qattiq bo‘lyapti, dushman harakatga kelishi va oldinga siljishi mumkin bo‘lgan hamma narsani jangga tashlab, qo‘shinlarimiz himoyasini yorib o‘tishga harakat qilmoqda», — deb yozdi Sirskiy o‘zining Facebook sahifasida.

Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni bir necha kun ketma-ket ushbu yo‘nalishda mudofaa ishlarini olib boruvchi brigadalarda ishlaganini ma’lum qildi. «Shtabda ish deyarli kecha-yu kunduz davom etmoqda, biz mudofaani kuchaytirish va oldinga siljigan dushmanni yo‘q qilish uchun nostandart qarorlar qabul qilishimiz kerak», dedi Sirskiy. Uning qo‘shimcha qilishicha, bunday sharoitda frontning eng qiyin uchastkalarida qo‘shinlar mudofaasini kuchaytirish, brigadalarni yetarli miqdorda o‘q-dorilar va boshqa vositalar bilan ta’minlash asosiy vazifadir.

Volodimir Zelenskiy ikkita «muhim yig‘ilish» o‘tkazdi

29 avgust kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilganidek, ikkita «muhim yig‘ilish» o‘tkazdi. Birinchisi, uning so‘zlariga ko‘ra, Aleksandr Sirskiy va Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i Anatoliy Bargilevich ishtirokida bo‘lib o‘tgan va frontdagi vaziyat bilan bog‘liq. «Har bir yo‘nalishda eng ko‘p e’tibor bizning brigadalar va aniq mudofaa harakatlariga qaratiladi», — deb yozgan Zelenskiy. Uchrashuvda Rossiyaning Kursk viloyatidagi operatsiya ham muhokama qilindi – Ukraina prezidentining so‘zlariga ko‘ra, amaliyot maqsadlari «amalga oshirilmoqda».

«Ikkinchi yig‘ilish - bosh qo‘mondon Sirskiy, "SBU" boshlig‘i Malyuk, Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i Budanov va Strategik sanoat vazirligi - Kamishin. Yig‘ilishning barcha tafsilotlari - yopiq. Ukrainaning uzoq masofali kuchlarini yanada kuchaytiryapmiz», deya qo‘shimcha qildi u.

Ko‘proq yangiliklar: