Rossiyada mehnat va migratsiya qonunchiligi sohasida huquqbuzarlik sodir etgan mehnat muhojirlariga nisbatan amnistiya qo‘llanishi mumkin. Bu chora hujjati muddati o‘tgan yoki mamlakatdan deportatsiya qilinishi kerak bo‘lgan migrantlar reyestrini ishga tushirishga tayyorgarlik doirasida muhokama qilinmoqda, deb xabar berdi 29 avgust, payshanba kuni «Kommersant».
Nazorat ostidagi shaxslar reyestri 2025 yilda ishga tushirilishi kerak, u qabul qilingan migratsiya nazoratini kuchaytiruvchi qonun loyihalari paketi doirasida yaratiladi. «Kommersant» xabariga ko‘ra, bosh vazir o‘rinbosari Tatyana Golikova raisligida bo‘lib o‘tgan migratsiya siyosati bo‘yicha hukumat komissiyasi yig‘ilishida ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Aleksandr Gorovoy «hech bir IT-infratuzilmasi bir vaqtning o‘zida barcha huquqbuzarlarni ma’lumotlar bazasiga kirita olmaydi», dedi.
Uning fikricha, nisbatan kichik huquqbuzarlik qilgan migrantlar uchun amnistiya e’lon qilinsa, «oqilona bo‘lardi». Bu tashabbusni razvedka xizmatlari ham qo‘llab-quvvatlamoqda, dedi yig‘ilishda qatnashgan FSB aksilrazvedka xizmati rahbari Vladislav Menshchikov.
Rossiyadagi noqonuniy migrantlar soni ma’lum qilindi
Rossiyada 630 mingdan ortiq noqonuniy migrant bor. Bunday ma’lumotlar Ichki ishlar vazirligi yig‘ilishida taqdim etildi, deb yozdi «Kommersant».
Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Aleksandr Gorovoyning tushuntirishicha, mamlakatda bo‘lish qoidalarini buzgan, ikki yoki undan ortiq ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan yoki noqonuniy mehnat faoliyati bilan shug‘ullanganlar noqonuniy migrant hisoblanadi.