“O‘zbekenergota’mir” AJ: elektr stansiyalar kuz-qish mavsumiga tayyorlanmoqda

Jamiyat 15:07 / 30.08.2024 2118

Yurtimiz taraqqiyotining dastlabki bosqichida elektr energetika tarmog‘ini modernizatsiya qilish, yangi investitsion loyihalarni amalga oshirish ishlari asosan xorijiy kompaniyalar tomonidan amalga oshirilgan. Sohani liberallashtirish, erkin bozor mexanizmlarini joriy etishga qaratilayotgan sa’y-harakatlar natijasida bugun tizimga mahalliy, raqobatbardosh investor kompaniyalar qatorida “O‘zbekenergota’mir” AJ faoliyat olib bormoqda.

Korxonada jahonga mashhur energetika kompaniyalarining shef-injyenerlarini jalb qilgan holda, o‘quv amaliyotlari, tajriba almashish kurslari natijasida yuqori malakali mahalliy mutaxassislar guruhi shakllantirildi, natijada bugun 2 yarim mingga yaqin texnik mutaxassislar elektr stansiyalarining barqaror faoliyat yuritishiga hissa qo‘shib kelmoqda.

Joriy kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida “O‘zbekenergota’mir” AJ issiqlik elektr stansiyalaridagi 53 ta energo qurilmani mavsumga hozirlash maqsadida mukammal, o‘rta va joriy ta’mirlash ishlarini bosqichma-bosqich olib bormoqda.

Jumladan, mamlakatimiz energetika tizimida yirik elektr stansiyalari hisoblanuvchi Toshkent va Navoiy issiqlik elektr stansiyalarida ham bu borada yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Bu yerda zamonaviy energoqurilmalar qatorida an’naviy energobloklarni modernizatsiya qilish, ularni raqamlashtirish va ishlab chiqarishda yoqilg‘i sarfini kamaytirish bo‘yicha ishlar yakuniga yetkazildi.

 Toshkent issiqlik elektr stansiyasining 9-son energoblokida mukammal ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazildi. Xususan, ta’mir ishlari davomida energoblokning qozon qurilmasi, turbinaning yuqori va past bosim rotorlari ishchi kuraklari, generator hamda transformatorlarida ishlar olib borildi.

Ushbu ishlarni sifatli va o‘z muddatida amalga oshirish maqsadida “O‘zbekenergota’mir” AJ 200 nafarga yaqin malakali mutaxassislari jalb etildi.

Remont kampaniyasining samarali tashkil etilishi natijasida ushbu energoblokning ishlab chiqarish quvvati 140 MVtdan 150 MVtga yetkazildi.

Tizimning raqamlashtirilishi orqali yoqilg‘i sarfi kamayishiga, natijada mahsulot tannarxi pasayishiga erishildi. Bu esa yiliga 458,6 ming kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinishi imkonini beradi. Atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalarning tashlamalari miqdori 108,4 tonnaga kamaytiriladi.

Navoiy issiqlik elektr stansiyasida esa 3-son energoblokda mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

Ta’mirlash davrida qozon va turbina agregatlarida texnik chora-tadbirlar amalga oshirildi. Ushbu ishlarga “O‘zbekenergota’mir” AJ 250 nafar, stansiyaning 50 nafar ishchi-xodimlari jalb etildi.

Ta’mirlash ishlarini bajarish natijasida qurilmalarning texnik iqtisodiy ko‘rsatkichlari yaxshilanib, ishonchli ishlash darajasi oshirildi.

 Xususan, o‘rnatilgan quvvati 150 MVt bo‘lgan 3-energoblok ta’mirlanishi natijasida yil yakuniga qadar 5 mln kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinadi.

Joriy yilning 20 avgustida prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti chog‘ida energetika tarmog‘i korxonalarida yuqori texnologik uskunalarni ekspluatatsiya qilish va ta’mirlash jarayonida mahalliy korxonalarning ishtirokini kengaytirish borasida ustuvor vazifalar belgilab berilgan edi. Ushbu yo‘nalishdagi vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zbekenergota’mir” AJ ham energetika tarmog‘ining asosiy generatsiya quvvatlari bo‘lgan issiqlik elektr stansiyalarida modernizatsiya, ta’mirlash va ekspluatatsiya ishlarida faol ishtirok etmoqda. 

“O‘zbekenergota’mir” AJ matbuot xizmati

Ko‘proq yangiliklar: