“O‘zbekenergota’mir” AJ fotoelektr stansiyalarni qurish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirmoqda

Jamiyat 15:39 / 28.12.2023 18940

“O‘zbekenergota’mir” AJ issiqlik elektr stansiyalari va markazlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish bo‘yicha ishlarni olib bormoqda. Hozirga qadar korxona tomonidan stansiyalarda o‘rnatilgan quyosh panellarining quvvati 9,6 MVtni tashkil etadi. Olib borilayotgan loyihalar yakuniga yetgach, tizimdagi fotoelektr stansiyalarining umumiy quvvati 15 MVtga yetadi. 

Ma’lumki, bugungi kunda energiya tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish, bir so‘z bilan aytganda, energiya samaradorligini oshirish davlat siyosatining ustivor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shunga ko‘ra, “yashil” iqtisodiyotga o‘tishga qaratilgan islohotlarni kengaytirish bo‘yicha mamlakatimizda tizimli ishlar olib borilmoqda.

Mazkur yo‘nalishda “O‘zbekenergota’mir” AJ tomonidan energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishga qaratilgan ishlar ko‘lami sezilarli darajada kengaydi.

Xususan, korxona tomonidan prezidentimizning PQ-4422-sonli “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida shu kunga qadar elektr stansiyalaridagi quyosh fotoelektr stansiyalarining quvvati 9,6 MVtga yetkazildi. Hozirda yana 5,4 MVt quvvatlarni ishga tushirish orqali umumiy quyosh fotoelektr stansiyalarining quvvatini 15 MVtga yetkazish ishlari olib borilyapti.

Jumladan, To‘raqo‘rg‘on IESda 3,5 MVt, Sirdaryo IESda 520 kVt, Farg‘ona IEMda 1 MVt, “Tolimarjon IES” AJda 790 kVt va “Angren IES” AJda 100 kVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish jarayoni ketmoqda. Quyosh panellarining to‘liq ishga tushirilishi natijasida yiliga qo‘shimcha 27,0 mln kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, 5,0 mln kubmetr tabiiy gaz iqtisodiga erishiladi.

“O‘zbekenergota’mir” AJ matbuot xizmati

Reklama

Ko‘proq yangiliklar: