Nazarboyevning sobiq kelini odam o‘g‘irlashda ayblanib, 12 yilga qamaldi

Jahon 18:43 / 30.08.2024 13442

Olmaota sudi Qozog‘iston sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyev jiyanining sobiq rafiqasi Gulmira Sotiboldini 12 yilga ozodlikdan mahrum qildi, deb xabar berdi Centralasia.

U odam o‘g‘irlash, tovlamachilik va o‘zboshimchalik qilishda aybdor deb topildi. Uning haydovchisi va yordamchisi Madi Botirshayev odam o‘g‘irlashda aybdor deb topilib, 9 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Sud, shuningdek, Gulmira Sotiboldidan jabrlanuvchi foydasiga 2,6 milliard tenge miqdoridagi moddiy zarar va 10 million tenge miqdorida ma’naviy zarar undirdi. Madi Botirshayevdan 2 million tenge undirilgan. Ikkalasi ham o‘z aybiga iqror bo‘lmagan. Davlat ayblovi ularni mos ravishda 13 va 10 yilga ozodlikdan mahrum qilishni so‘ragan edi.

Sudning aniqlashicha, 2019 yilda Gulmira Sotiboldi qarindoshi va biznes sherigi Abay Junusovni 5 milliard tengeni o‘zlashtirishda ayblagan. U ayblovni rad etgan, shundan so‘ng Sotiboldi yordamchisi Madi Botirshayevga murojaat qilgan. Ular birgalikda yigitni o‘g‘irlab, telefon va pasportini olib qo‘yishgan. Junusov 165 kun majburan ushlab turilgan. Bu vaqt ichida Gulmira Sotiboldi qarindoshlari bilan birga Ostona va Olmaotadagi Junusovga tegishli bir nechta shirkat va kvartiralarni, ofis maydonini va mashinani o‘z ishonchli vakillari nomiga o‘tkazib olgan.

Gulmira Sotiboldi Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyev jiyani Qayrat Sotiboldining sobiq rafiqasi, ular 2002 yilda ajrashgan.

Bu Gulmira Sotiboldiga nisbatan sud tomonidan chiqarilgan uchinchi hukm hisoblanadi. 2023 yil may oyida sud uni o‘zboshimchalik va odam o‘g‘irlashda ayblab, 7 yilga ozodlikdan mahrum qildi. O‘sha yilning iyun oyida u o‘zgalarning mulkini o‘zlashtirgani uchun 8 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Ko‘proq yangiliklar: