Kuleba Bryusselda Kiyevga harbiy yordamni tezlashtirishni muhokama qiladi

Jahon 16:46 / 30.08.2024 1318

Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlarining Bryusseldagi norasmiy uchrashuvida Kiyev Rossiya hududiga chuqur zarbalar berish qonuniyligi masalasini ko‘taradi, dedi Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba. «Birinchi navbatda, bizning kun tartibimizdagi hal etilmagan masalalardan biri bu Ukrainaga qonuniy - ta’kidlayman: qonuniy ravishda Rossiya ichkarisidagi harbiy nishonlarga zarba berishdir», - dedi Kuleba. Bu haqda 29 avgust, payshanba kuni «Ukrinform» agentligi ma’lum qildi.

«Agar biz yetarlicha raketa olsak, zarbalar berishimizga ruxsat berilsa, Rossiyaning muhim infratuzilmamizga zarar yetkazish qobiliyatini sezilarli darajada kamaytiramiz va bo‘linmalarimizning ahvolini yaxshilaymiz», — deya qo‘shimcha qildi u.

Kiyevga qurol yetkazib berishni tezlashtirish

Ukraina vaziri, shuningdek, G‘arbning harbiy yordam e’lon qilishi va uning amalda yetkazilishi o‘rtasidagi vaqt oralig‘iga e’tibor qaratdi. «Ba’zida bu intervallar haddan tashqari uzun bo‘ladi. Ikki yarim yillik urushdan keyin bunday narsalar Shveytsariya soatlari kabi, kechiktirmasdan, iloji boricha samarali ishlashi kerak», deb ta’kidladi Kuleba.

Tashqi ishlar vaziri, shuningdek, Ukrainaning qurol va jihozlarini ishlab chiqarishni kengaytirishiga sarmoya kiritishga chaqirdi, chunki bu qadam, uning so‘zlariga ko‘ra, logistikani soddalashtiradi.

«Ba’zi Patriot tizimlari va’da qilingan va hali ham yetkazib berilmagan», dedi vazir o‘quv yilining yaqinda boshlanishi va maktab o‘quvchilarini himoya qilish zarurligiga e’tibor qaratib. «Men majburiyatlarni zimmasiga olgan barcha hamkorlarni qurol yetkazib berishni tezlashtirishga chaqiraman», - deya ta’kidladi Kuleba.

G‘arb harbiy xizmatga majbur ukrainlarni qaytarishda Kiyevga yordam bermaydi

G‘arb davlatlari Kiyevga o‘z hududida harbiy xizmatga majbur bo‘lgan ukrainaliklarni topish va ularni Ukrainaga yuborishda yordam berishdan bosh tortdi, deb xabar berdi Bloomberg. Unga ko‘ra, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ikki tomonlama uchrashuvlar doirasida ittifoqchilardan bu haqda so‘ragan. Biroq, nashrning ta’kidlashicha, «Polshadan Vengriyagacha bo‘lgan» davlatlar siyosatchilari urush davom etar ekan, ukrainalik qochqinlarni o‘z vatanlariga jo‘natmasliklarini aytishgan.

Bloomberg ta’kidlashicha, G‘arb davlatlari qochqinlarni qabul qilishida gumanitar jihatdan tashqari, iqtisodiy tomon ham mavjud - ishchi kuchi taqchilligi. Xususan, minglab ukrainalik erkaklar urush boshlanishidan oldin uzoq yillar Polsha va Chexiyada ishlagan. Rossiya hujumi boshlanganidan beri ko‘pchilik janglarda qatnashish uchun o‘z vataniga qaytib keldi. Qurilish va transport kabi tarmoqlarda ishchi kuchining chiqib ketishi sezila boshladi.

Ko‘proq yangiliklar: