Germaniyada Ukraina uchun qurol ishlab chiqaradigan Diehl kompaniyasi zavodida portlash sodir bo‘ldi

Jahon 20:54 / 30.08.2024 5253

Germaniya Troysdorf shahrida joylashgan Diehl Defence mudofaa korxonasida portlash yuz berdi. Bu haqda qutqaruvchilr va kompaniya vakiliga tayanib Bild gazetasi ma’lum qildi.

O‘t o‘chiruvchilar yong‘in to‘g‘risida soat 09:32 da signal olgan. Portlash oqibatida binoga jiddiy zarar yetgan. Hodisa joyida jarohat olgan ikki xodim o‘zlari mustaqil binoni tark etgan — jabrlanganlar tibbiyot vertolyoti yordamida shifoxonaga yetkazilgan. WDR’ning yozishicha, bir kishi bedarak yo‘qolgan deya hisoblanmoqda.

Diehl Defence saytida keltirilishicha, Troysdorfda Dynitec kompaniyasining bo‘linmasi joylashgan. Kompaniya vakilining ma’lum qilishicha, korxonada yong‘in natijasida kimyoviy reaksiya yuz bergan va ishlab chiqarish sexiga zarar yetgan, shahar aholisiga hech narsa xavf tug‘dirmayapti. Matbuot kotibning qo‘shimcha qilishicha, Dynitec «raketalardagi portlovchi moddalarni yoqadigan barmoq uchidek keluvchi kichik qismlarni» ishlab chiqaradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yerda raketalarning o‘zi ishlab chiqarilmaydi.

Politsiya portlash sabablarini o‘rganish bilan shug‘ullanmoqda, ammo hozircha jinoyat sodir etilganini ko‘rsatuvchi hech narsa yo‘q. Politsiya taxminicha, portlash ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa oqibatida kelib chiqqan.

WDR’ga ko‘ra, o‘t o‘chiruvchilari portlash joyida keng ko‘lamli operatsiyasini yakunlagan.

Diehl Defence — qurol-yarog‘ ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi nemis mudofaa kompaniyasi. Xususan, kompaniya Ukrainaga yetkazib berilayotgan IRIS-T zenit-raketa majmualarini ham ishlab chiqaradi.

Berlindagi Diehl metallurgiya zavodida 2024 yil may oyida ham yong‘in sodir bo‘lgandi, o‘shanda hukumat korxonada saqlangan kimyoviy moddalar sabab havoning ifloslanishi mumkinligidan ogohlantirgan. Germaniya hukumati yong‘in Rossiya qo‘poruvchiligi oqibatida yuz bergan deb hisoblaydi.

Ko‘proq yangiliklar: