Dunyoni bosayotgan tutun. Kontrabandaga qachon chek qo‘yiladi?

Jamiyat 15:44 / 30.08.2024 3122

Dunyo bo‘ylab har yili taxminan 8 milliondan ortiq odam tamaki chekish tufayli hayotdan ko‘z yumadi. Bu o‘limlarning 1,2 millionga yaqini o‘zi chekmaydigan, ammo yon-atrofidagilar chekadigan tamaki tutunidan zararlanish tufayli yuz beradi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha tamaki mahsulotlari noqonuniy savdosi ortidan davlatlarning iqtisodiy yo‘qotishlari har yili 1 trillion AQSh dollaridan oshadi. Dunyo tamaki bozorining qariyb 10 foiz ulushi shu mahsulotning noqonuniy savdosiga to‘g‘ri kelmoqda.

O‘zbekiston ham bundan mustasno emas: bojxona organlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar bilan hamkorlikda 2023 yilda aniqlangan 291 ta holatda qiymati 92,2 mlrd so‘mlik 5,7 mln quti tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan. 2024 yilning dastlabki 4 oyida esa 196 ta holatda qiymati 17,7 mlrd so‘mlik salkam 798 ming quti tamaki mahsulotlari qo‘lga olingan.

Andijon viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan ham shunday mahsulotlarning olib kirilishiga urinishlarlar aniqlangan.

“Boshqarmamiz tomonidan O‘zbekiston respublikasiga noqonuniy mahsulotlarning olib kirilishiga bo‘lgan urinishlarni aniqlash bo‘yicha tezkor tadbirlar amalga oshirilib kelinyapti. Statistik ma’lumotlarga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, 2023 yil davomida 30 ta holatda umumiy qiymati 1 mlrd 600 mln so‘mdan ziyod bo‘lgan, jami 30410 quti tamaki mahsulotlarining noqonuniy olib kirilishi va savdosiga chek qo‘yilgan.

O‘tgan davr mobaynida umumiy qiymati 200 mlndan ziyod bo‘lgan 24 ta holatda 18382 quti tamaki mahsulotlarining noqonuniy olib kirilishi oldi olindi. Bojxona organlari tomonidan o‘tkazilgan surishtiruv ishlari jarayonida ma’lum bo‘lishicha, fuqarolar tomonidan noqonuniy olib kirish, avvaldan til biriktirilgan holda qo‘riqlanishi zaif bo‘lgan chegara hududi orqali, qo‘shni Qirg‘iziston respublikasi hududidan olib o‘tgan holda yashirin iqtisodiyot shakllanishiga sabab bo‘lmoqda.

Bojxona idoralari tomonidan bunga qarshi kurashish borasida tizimli ishlar amalga oshirilyapti” deya ma’lumot berdi Andijon viloyati bojxona boshqarmasi bojxona xizmati kapitani Sarvar Usmonov.

Yodingizda bo‘lsa, joriy yildan boshlab noqonuniy tamaki mahsulotlari va uning savdosi haqida xabar berganlarni moliyaviy rag‘batlantirish maqsadida Soliq.uz ilovasi orqali xabar berish yo‘lga qo‘yildi. Soliq qo‘mitasi axborot xizmati soliq organlari orqali aniqlangan kontrabanda tamaki mahsulotlari haqidagi statistikani ochiqladi.

“Fuqarolar tomonidan noqonuniy sotilayotgan tamaki mahsulotlari aniqlansa, “SoliqUz” mobil ilovasidagi “Soliq hamkor” bo‘limi orqali tamaki mahsulotlari bilan noqonuniy savdo qilish turini tanlagan holda murojaat yuborishlari mumkin. Soliq organlari noqonuniy tamaki aylanmasiga qarshi qurashda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda ishlaydi. “SoliqUz”  ilovasi orqali kelib tushgan ma’lumotlar asosida nazorat tadbirlari tashkil etiladi va bu sayyor soliq tekshiruvi 10 kundan ko‘p bo‘lmagan muddatda o‘tkaziladi. Agar ma’lumot tasdiqlansa, fuqarolar tegishli tartibda rag‘banlantiriladi.

Soliq organlari tomonidan Respublika bo‘yicha kontrabanda tamaki mahsulotlari tarqatilishi, sotilishi va iste’mol bozorlariga chiqishi bo‘yicha 2020 yilda 14 ta holatda 13,4 mln so‘mlik;

2021 yilda 84 ta holatda 112,3 mln so‘mlik;

2022 yilda 673 ta holatda 719,4 mln so‘mlik;

2023 yilda 632 ta holatda 1 602,3 mln so‘mlik

2024 yilning o‘tgan davrida 49 ta holatda 439,2 mln so‘mlik tamaki mahsulotlari noqonuniy savdoga qo‘yilgani aniqlanib, belgilangan tartibda olib qo‘yilgan” deyiladi qo‘mita matbuot xizmati xabarida.

Jamiyatni moliyaviy va ijtimoiy jihatdan zaiflashtiradigan, odamlar salomatligiga xavf soladigan bu illatga chek qo‘yish mas’ul idora va tashkilotlardan o‘z faoliyatini yanada kuchaytirishni talab qiladi. Masalan shu holat yuzasidan Majburiy ijro byurosining Andijon shahar bo‘limiga shu yilning 6 oyida 11 ta ijro hujjati kelib tushgan. Bu esa 11 ming 362 quti kontrabanda sigaret degani.

“Majburiy ijro byurosi Andijon viloyati boshqarmasi tuman-shahar bo‘limlari ish yurituviga 2023-2024 yillar mobaynida jami 63 ta ijro hujjati bo‘yicha 366 mln 99 ming so‘mlik 25635 quti tamaki mahsulotlarini yo‘q qilish to‘g‘risidagi ijro hujjatlari kelib tushgan. Vazirlar Mahkamasining 200-sonli qarori talablari asosida 7 kun muddatda yo‘q qilish tartibi belgilangan. Davlat ijrochilari tomonidan mana shu belgilangan muddat mobaynida tegishli tashkilotlar va xolislar ishtirokida bu tamaki mahsulotlari yo‘q qilingan.

Birgina misolni oladigan bo‘lsak, byuroning Andijon shahar bo‘limi ish yurituviga joriy yilning 6 oyi mobaynida 11 ta ijro hujjati bo‘yicha 11 ming 362 quti tamaki mahsulotlarini yo‘q qilish to‘g‘risidagi ijro hujjatlari kelib tushgan bo‘lib, ayni paytda ijrosi ta’minlandi”, dedi MIB Andijon viloyati boshqarmasi katta inspektori Xurshidbek Qosimov.

Soliq kodeksining 2271-moddasiga muvofiq, sigaretning noqonuniy sotilishi biznes uchun shu realizatsiya amalga oshirilgan oxirgi hisobot choragida olingan sof tushumning 2 foizi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik jarima qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, realizatsiya amalga oshirilgan oxirgi hisobot choragida olingan sof tushumning 20 foizi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 1861-moddasiga  ko‘ra tamaki mahsulotlarini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish  huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Jinoyat kodeksining 1861-moddasiga ko‘ra tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish yoki ishlab chiqarish jinoyati uchun eng og‘ir holatda 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Qonunda ko‘rsatilganidek, kontrabanda mamlakat iqtisodiyoti uchun xavfli omil sanaladi. O‘zbekistonda nafaqat tamaki mahsulotlari, balki boshqa iste’mol tovarlari, masalan, dori-darmonlar bilan bog‘liq kontrabanda ham yuz berishi kuzatilmoqda. Buning nafaqat mamlakat iqtisodiyotiga, balki aholi sog‘lig‘iga ham xavf solishini jiddiy o‘ylab ko‘rish lozim.

Ko‘proq yangiliklar: