Yaponiya politsiyasi hisobotiga ko‘ra, 2024 yil birinchi yarmida mamlakatda 40 mingga yaqin odam o‘z uyida yolg‘iz vafot etdi. Ularning 4 mingga yaqini o‘limidan bir oy o‘tib topilgan, 130 nafar odamning o‘limi bir yil davomida aniqlanmagan. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Yaponiya hozir dunyodagi eng keksa aholiga ega, deb yozdi BBC.
Milliy politsiya agentligining 2024 yil birinchi yarmidagi ma’lumotlari shuni ko‘rsatadiki, uyda yolg‘iz yashaydigan 37 227 kishi o‘lik holda topilgan, ularning 70 foizidan ortig‘ini 65 va undan katta yoshdagilar tashkil qiladi. Agentlik o‘z hisoboti mamlakatda yolg‘iz yashayotgan va o‘layotgan odamlar muammosiga oydinlik kiritilishiga umid qilmoqda.
Uyda yolg‘iz o‘lgan odamlarning taxminan 40 foizi bir kun ichida topilgan bo‘lsa, o‘limdan bir oydan ko‘proq vaqt o‘tgach, 3939 jasad topilgan va 130 jasad topilgunga qadar kamida bir yil davomida aniqlanmagan.
Politsiya departamenti o‘z xulosalarini qarovsiz odamlar o‘limi holatlarini tergov qiluvchi hukumat hay’atiga taqdim qiladi.
Joriy yil boshida Yaponiya Milliy aholi va ijtimoiy xavfsizlik tadqiqotlari instituti yolg‘iz yashovchi keksa (65 yosh va undan katta) fuqarolar soni 2050 yilga borib 10,8 millionga yetishi kutilayotganini ma’lum qilgan edi. Xuddi shu yili bir kishi yashaydigan xo‘jaliklarning umumiy soni 23,3 millionga yetishi taxmin qilinmoqda.
Aprel oyida Yaponiya hukumati mamlakat aholisining qarishi bilan bog‘liq bo‘lgan uzoq yillik yolg‘izlik va izolyatsiya muammosini hal qilishga qaratilgan qonunchilikni taqdim qildi.
Yaponiya uzoq vaqtdan beri o‘z aholisining qarishi va qisqarib borishiga qarshi kurash olib bormoqda, ammo mamlakatda bu o‘zgarishlarga dosh berish tobora qiyinlashmoqda.
O‘tgan yili bosh vazir Fumio Kisida tug‘ilish darajasining pasayishi tufayli Yaponiya jamiyat sifatida faoliyat yurita olmay qolish arafasida ekanini aytgan edi.