Yevrokomissiyaning fan va axborot xizmati - Qo‘shma tadqiqot markazi Telegram messenjeri rahbariyati Yevropa tartib-qoidalariga tushib qolmaslik uchun Yevropa Ittifoqidagi o‘z foydalanuvchilari sonini kam ko‘rsatishi ehtimolini tekshirmoqda. Bu haqda 28 avgust, chorshanba kuni Financial Times nashri xabar berdi.
Fevral oyida Telegram Yevropa Ittifoqida 41 million oylik foydalanuvchiga ega ekanligini ma’lum qilgandi. Yevropa Ittifoqi qonunlariga ko‘ra, messenjer avgust oyida yangilangan ma’lumotlarni taqdim etishi kerak, biroq buni qilmadi va Yevropa Ittifoqidagi oylik auditoriyasi «45 milliondan sezilarli darajada kam» degan bayonot bilan cheklandi. Biroq, Bryussel bunday emas deb gumon qilmoqda va tekshiruv belgilangan chegaradan oshib ketganligini ko‘rsatishi mumkin.
Fevral oyida kuchga kirgan yangi Yevropa Ittifoqining raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonuniga (Digital Services Act, DSA) ko‘ra, Yevropa Ittifoqida oylik 45 milliondan ortiq foydalanuvchisi bo‘lgan onlayn platformalar va ijtimoiy tarmoqlar, birinchi navbatda, foydalanuvchilar uchun xavfli bo‘lgan noqonuniy kontentni moderatsiya qilishi kerak, shuningdek, so‘rov bo‘yicha Yevropa komissiyasiga o‘z ma’lumotlarini taqdim etishga majbur. Mutaxassislarning taxminicha, Telegram rahbariyati ushbu qoidalarga tushib qolmaslik uchun Yevropa Ittifoqidagi foydalanuvchilari sonini ataylab kam ko‘rsatgan, deb yozadi Financial Times.
Avvalroq Yevropa Ittifoqi X mikrobloglar xizmati va TikTok platformasida DSA talablari buzilganini gumon qilib, tekshiruvlar boshlagan edi. Bundan tashqari, Facebook ijtimoiy tarmog‘ining bosh kompaniyasi bo‘lmish Meta’ga nisbatan tekshiruv o‘tkazilmoqda.
Pavel Durovning ushlanishi
Pavel Durov 24 avgust kuni kechqurun Parij aeroportida qo‘lga olingan. Ikki kundan keyin Parij prokuraturasi Durov noma’lum shaxslarga qarshi jinoiy tergov doirasida 12 ta jinoyat, jumladan vakolatli organlar so‘roviga ko‘ra ma’lumot berishni rad etish, shuningdek, pornografiya, giyohvand moddalar va hakerlik dasturlarini tarqatishda ishtirok etish bo‘yicha qo‘lga olinganini e’lon qildi. Durovning ishdagi maqomi noma’lum.
Durovga yaqin manbaning so‘zlariga ko‘ra, Telegram ko‘p yillar davomida platformada noqonuniy kontent tarqalishi oldini olish uchun rasmiylar bilan hamkorlikni talab qiluvchi huquq-tartibot idoralarining chaqiruvi va sud qarorlariga e’tibor bermagan.