Yangicha YeChL qanday bo‘ladi - turnir yangi formati haqida asosiy ma’lumotlar

Sport 17:26 / 29.08.2024 11510

2024/25 yillar mavsumi Yevropa futbolida — tarixiy bo‘ladi. Afsonaviy Chempionlar ligasi yangicha formatda debyut qiladi: bu qanday bo‘ladi?

Ishtirokchilar

Bugun, 29 avgust kuni, Toshkent vaqti bilan 21:00 da Chempionlar ligasi uchun qur’a tashlash marosimi boshlanadi. Avvallari bu guruh bosqichi deb atalardi, ammo endi guruhlar yo‘q. 

Yangi mavsumda ishtirokchilar soni oshgan — endi 32 klub o‘rniga birinchi bosqichda 36 klub qatnashadi.

Yo‘llanmalar taqsimoti son oshishi hisobiga biroz o‘zgargan. Yangi mavsumdan matematika quyidagicha:

— 25 o‘rin — milliy chempionatlardagi to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmalar;

— 2 o‘rin — «yevrokuboklardagi natijalar uchun yo‘llanmalar» deb ataladi. Bu kvotalar har mavsumda ligalarning yevrokuboklardagi so‘nggi natijalardan kelib chiqqan holda ularning vakillariga beriladi. Bu mavsumda bu o‘rinlar «Bolonya» (Italiya) va «Borussiya» (Germaniya)ga nasib qilgan;

— 2 o‘rin — YeChL va YeL g‘oliblariga. Ular milliy chempionatlardagi o‘rinlari evaziga saralangan taqdirda, yo‘llanmalar qaytadan taqsimlanadi. Bu mavsumda vaziyat aynan shunday bo‘ldi, shu tufayli «Shaxtyor» va «Benfika»ga o‘tdi;

— 7 o‘rin — saralash bosqichidan o‘tganlarga («Yang Boyz», «Sparta», «Red Bull Zalsburg», «Slovan» Bratislava, «Tsrvena Zvezda», «Lill», «Dinamo» Zagreb).

Umumiy bosqich formati

Sakkiz kvartetdan iborat guruh bosqichi endi yo‘q. Uning o‘rniga 36 klub UYeFA reytingiga qarab to‘rt savatchaga ajratilgan:

— eng kuchlilar;

— kuchlilar;

— o‘rtamiyonalar;

— kuchsizlar.

Savatchalarning har birida — to‘qqiztadan jamoa o‘rin olgan. Endi faqat Chempionlar ligasining amaldagi g‘olibigina birinchi savatchaga joylashtiriladi (avval Yevropa Ligasi g‘olibi va yetakchi ligalarning chempionlari ham birinchi savatchada bo‘lardi). Qolgan klublar yevrokuboklardagi so‘nggi besh mavsumdagi koeffitsiyentlariga ko‘ra joylashadi. Savatchalar quyidagicha ko‘rinishda:

Bu safar klublar dastlabki bosqichda uch raqib emas, balki sakkiz raqibga qarshi o‘ynaydi — har savatchadan ikkitadan jamoaga qarshi bittadan o‘yin. Barcha klublar to‘rt o‘yinni o‘z maydonida, yana to‘rttasini safarda o‘tkazadi. Har bir jamoa har bir savatdan bittadan raqibni o‘z uyida qabul qiladi. Aytish mumkinki, endi birinchi savatchadan o‘rin olish oldingidek foydali bo‘lmaydi. Har qanday holatda ham har bir savatdan ikkitadan raqibga qarshi o‘ynashga to‘g‘ri keladi.

Qur’ada sharlardan foydalanishdan voz kechilmagan (endi  ularning soni 1296 ta bo‘ladi), ammo endi raqiblarni kompyuter aniqlab beradi. Birinchi savatchadagi klublar birin-ketin qo‘lda tortiladi va ularning har biri darhol o‘z raqiblarini maxsus dastur orqali bilib olishadi. Keyin ikkinchi savatchadagi klublar barcha raqiblarini bilib olishadi. Keyin — uchinchidagilar. Oxiri — to‘rtinchidagilar ham. Kim kim bilan uyda, kim bilan mehmonda o‘ynashi ham darhol aniq bo‘ladi.

Kompyuterda faqat ikki cheklov bo‘ladi:

  • bu bosqichda bir mamlakat vakillari o‘zaro uchrashmaydi;
  • bir klub bir mamlakatning ikkitadan ortiq vakili bilan o‘ynamaydi.

Yana ikkita muhim nyuans bor. Birinchidan, qur’a yakunlariga ko‘ra klublar qur’ada faqat raqiblarini va kim bilan uyda, kim bilan safarda o‘ynashini aniq qiladi, o‘yinlar tartibi va kunlari esa ikki kun o‘tib — 31 avgustda qo‘shimcha ma’lum qilinadi. Faqat bir narsa oldindan ma’lum bo‘ladi: klublar bir savatdan bo‘lgan raqiblarga qarshi qatorasiga ikki o‘yin o‘tkazmaydi (UYeFA top-o‘yinlarni teng taqsimlashni rejalashtirgan).

Ikkinchidan, so‘nggi ikki tura yanvar oyida bo‘lib o‘tadi, bunaqasi esa avval kuzatilmagan. 1-tur esa uch kunga bo‘lib yuboriladi (seshanba, chorshanba va payshanba). Qolgan deyarli barcha turlar odatdagidek ikki kun davomida (seshanba va chorshanba) o‘tkaziladi. Faqat 8-turda barcha chorshanba kuni bir vaqtning o‘zida o‘ynaydi.

1-tur: 2024 yil 17/18/19 sentabr.
2-tur: 2024 yil 1/2 oktyabr.
3-tur: 2024 yil 22/23 oktyabr.
4-tur: 2024 yil 5/6 noyabr.
5-tur: 2024 yil 26/27 noyabr.
6-tur: 2024 yil 10/11 dekabr.
7-tur: 2025 yil 21/22 yanvar.
8-tur: 2025 yil 29 yanvar.

36 jamoada umumiy jadval bo‘ladi. Sakkiz tur yakunlariga ko‘ra top-8 klub aniqlanadi, ular darhol YeChL 1/8 finaliga chiqishadi. Bu bosqichda o‘ynaydigan yana 8 jamoa 9-24-o‘rinlarda vakillari o‘rtasida o‘tish o‘yinlari o‘tkazish orqali aniqlanadi. Oxirgi 12 o‘rinda qolgan jamoalar uchun yevromavsum yakunlanadi.

Umumiy jadvalda ochkolar soni teng kelib qolgan taqdirda quyidagi ko‘rsatkichlarga qaraladi:

1. To‘plar nisbati
2. Urilan gollar soni
3. Safardagi gollar soni
4. G‘alabalar soni
5. Safardagi g‘alabalar soni
6. Raqiblar ishlagan ochkolar soni*
7. Raqiblar urgan va o‘tkazib yuborgan gollar nisbati*
8. Raqiblar urgan gollar soni*
9. Intizomiy balllar
10. Klub koeffitsiyenti.

*gap har bir klubning barcha sakkiz raqibi haqida bormoqda. Masalan, shartli «Liverpul» va «PSJ» 17 tadan ochko jamg‘arsa va dastlabki besh punkt bo‘yicha ham bir xil ko‘rsatkichga ega bo‘lsa, unda «Liverpul» va «PSJ»ning sakkiz raqibi natijalariga qaraladi. Raqiblari yaxshiroq ishtirok etgan klub yuqoriroqda joylashadi.

O‘tish o‘yinlari 11-12 va 18-19 fevral kunlari o‘tkaziladi.

Pley-off odatiy formatda davom etadi - raqiblar uyda va safarda o‘ynashadi. 1/8 final 4-5 va 11-12 mart, 1/4 final 8-9 va 15-16 aprel, 1/2 finala 29-30 aprel hamda 6-7 may kunlariga, final 31 mayga belgilangan.

Bu UYeFAga nega kerak bo‘ldi?

Ko‘rinib turibdiki, bularning barchasi Superliga bilan sovuq urushning bir qismi. Albatta, futbol ittifoqi buni ochiqchasiga aytmagan, doimiy rivojlanish zarurati haqidagi umumiy so‘zlar bilan cheklangan, ammo aynan top-klublarning 2021 yildagi kutilmagan qo‘zg‘oloni UYeFAni shunday radikal o‘zgarishlarga undadi.

«UYeFA biz sportning asosiy qadriyatlarini hurmat qilish va sport qadriyatlari asosida o‘tkaziladigan musobaqalarimiz ochiqligining asosiy tamoyilini himoya qilishga to‘liq sodiq ekanimizni aniq bildirdi», — degandi tashkilot prezidenti Cheferin.

Bu yopiq elita klubi sifatida rejalashtirilgan Superligaga aniq ishoradir. Endi barcha rozi bo‘lishi kerakdek — top o‘yinlar ko‘proq bo‘ladi, pullar ko‘proq bo‘ladi, o‘yinlar ko‘proq bo‘ladi. Isyon ko‘tarishga sabab yo‘q, mustaqil ravishda parallel turnir tashkil etish qimmatga tushadi — UYeFA endi yetarlicha pul to‘lamoqda.

Pul mukofotlari ko‘proq bo‘ladi. Yangi Chempionlar ligasi budjeti — o‘tgan mavsumdagi 2 o‘rniga 2,4 milliard yevro.

Bu format yaxshiroqmi?

UYeFA turnirning yangi formatida nomiga o‘tkaziladigan o‘yinlar kamroq bo‘lishiga va’da bermoqda. Katta ehtimol bilan, chindan ham shunday bo‘ladi. Va gap ko‘pchilik oxirgi turga qadar kuchli sakkizlik yoki top-24 dan joy olish-olmasligini bila olmasligida emas. Jadvalda imkon qadar yuqoriroqda joylashish ham muhim. Bu keyingi bosqichda nisbatan kuchsizroq raqib tushishiga imkon beradi. Birinchi va ikkinchi o‘rindagi jamoalar finalgacha uchrashmaydi. Uchinchi va to‘rtinchi o‘rindagi jamoalar yarimfinalgacha o‘zaro o‘ynamaydi.

ESPN jadval simulyatsiyasini qilib ko‘rgan. Unga ko‘ra, yetti turdan keyin faqat ikki klub top-8 ga kirishini kafolatlagan, qolgan olti o‘rin uchun yana 17 klubda imkoniyat saqlanib qolgan. Va faqat uch jamoa yevrokubokni muddatidan oldin tark etishi ma’lum bo‘lgan.

Bu yangiliklar Yevropa Ligasiga ham, Konferensiyalar ligasiga ham taalluqli. Ammo uchinchi darajali turnirda savatchalar soni ko‘proq va o‘yinlar soni kamroq bo‘ladi — oltitadan.

Ko‘proq yangiliklar: