Rossiyadagi noqonuniy migrantlar soni ma’lum qilindi

Jahon 21:25 / 29.08.2024 5183

Rossiyada 630 mingdan ortiq noqonuniy migrant bor. Bunday ma’lumotlar Ichki ishlar vazirligi yig‘ilishida taqdim etildi, deb yozdi «Kommersant».

Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Aleksandr Gorovoyning tushuntirishicha, mamlakatda bo‘lish qoidalarini buzgan, ikki yoki undan ortiq ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan yoki noqonuniy mehnat faoliyati bilan shug‘ullanganlar noqonuniy migrant hisoblanadi.

Yig‘ilish ishtirokchilari nazorat ostidagi shaxslarning maxsus reyestrini yaratish imkoniyatini muhokama qilgan - bu Rossiyadan deportatsiya qilinishi kerak bo‘lgan muddati o‘tgan yoki bekor qilingan migratsiya hujjatlariga ega bo‘lgan xorijiy fuqarolarning ma’lumotlar bazasi. Gorovoyning ta’kidlashicha, agar hozir mamlakatdagi barcha noqonuniy migrantlar ushbu reyestrga kiritilsa, «hech qanday IT infratuzilmasi buni qo‘llab-quvvatlamaydi». U birinchi navbatda kichik jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan amnistiya joriy etishni taklif qildi. Ichki ishlar vazirligi vakilining taklifini FXX kontrrazvedka xizmati rahbari Vladislav Menshikov qo‘llab-quvvatladi.

Gorovoy migrantlarni ro‘yxatga olish bilan bog‘liq muammolarga ham to‘xtalib o‘tdi. Ko‘pgina uy egalari ularni ro‘yxatdan o‘tkazishni xohlamaydi, chunki ular «bu qanday ishlashini» tushunmaydi, shuning uchun migrantlar soxta ro‘yxatga olish bilan shug‘ullanadiganlarga murojaat qiladi. Bunday vaziyatda Rossiya Tergov qo‘mitasi doimiy ravishda Ichki ishlar vazirligi xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 322-moddasiga binoan noqonuniy migratsiyani tashkil etish bo‘yicha ish qo‘zg‘atadi, chunki ular aslida manzilda yashamaydigan odamdan ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi arizani qabul qilgan.

«Biroq, bizning xodimlarimiz bunday murojaatchilarni rad eta olmaydi va ular ro‘yxatdan o‘tgan joyining haqiqiy yashash joyiga muvofiqligini ham tekshira olmaydi», dedi ichki ishlar vaziri o‘rinbosari.

2023 yil ma’lumotlariga ko‘ra, 3,5 million mehnat migranti qonuniy ravishda Rossiyada bo‘lib, ularning aksariyati O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolaridir.

Ko‘proq yangiliklar: