Rossiya 92 nafar AQSh fuqarosining mamlakatga kirishini taqiqladi

Jahon 13:56 / 29.08.2024 1906

AQSh 400 nafar rossiyalik shaxs va Rossiyaga aloqador kompaniyalarga qarshi sanksiyalar kiritganidan bir necha kun o‘tib, Moskva 92 AQSh fuqarosining Rossiyaga kirishini taqiqlab, javob choralarini e’lon qildi. Ismlar ro‘yxatini 28 avgust, chorshanba kuni Rossiya tashqi ishlar vazirligi ochiqladi.

Idora sanksiyalarni AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyatining, Rossiya TIV ma’lumotlariga ko‘ra, Moskva «strategik mag‘lubiyatiga» qaratilgan kursiga munosabat sifatida izohladi. Smolenskaya maydonidagilar «butun qat’iyat va izchillik bilan» sanksiyalar ro‘yxatini kengaytirishni davom ettirishga va’da berdi.

Ro‘yxatda - jurnalistlar, tadbirkorlar, siyosatchilar va harbiylar 

Xususan, The Wall Street Journal bosh muharriri Emma Taker va uning o‘rinbosari Charlz Forrel, The New York Times jurnalistlari Pol Sonn va Mark Santora, The Washington Post gazetasi jurnalisti Devid Devid hamda boshqa OAV vakillari ro‘yxatga kiritilgan.

Bundan tashqari, uning tarkibiga AQSh Kosmik tizimlari qo‘mondonligi rahbari Filip Garrant, Anduril Industries mudofaa texnologiyalari kompaniyasi asoschisi Palmer Laki, AQSh moliya vazirining terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash bo‘yicha o‘rinbosari Anna Morris, Davlat departamenti matbuot xizmati vakili Daniyel Sayzek, Stenford universiteti o‘qituvchisi Filipp Zelikov va Arizona shtati okrug prokurori o‘rinbosari Uilyam Voyt kirdi. 

Qo‘shma Shtatlar 23 avgust kuni Moskvaga sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam bergan va uni Ukrainaga qarshi urushda foydalanadigan tovar va xizmatlar bilan ta’minlagan 400 ga yaqin shaxs va tashkilotga qarshi sanksiyalar kiritdi. Boshqalar qatorida Rossiya mudofaa vaziri Andrey Belousovning o‘g‘li va kelini, Moskva zargarlik zavodi, «Volga-Dnepr» aviakompaniyasi, AirBridgeCargo, «Norilsk Avia», Magnitogorsk temir-po‘lat zavodi, shuningdek suyultirilgan gaz tashuvchi kemalar cheklovlarga duchor bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: