Saadat momo Abdullayeva 1914 yil 1 yanvar kuni To‘rtko‘l tumanida tug‘ilgan. Turmush o‘rtog‘i urushda halok bo‘lgan. Farzandlari bilan yolg‘iz qolgan momo kolxozda mehnat qilib, farzandlarini kamolga yetkazgan.
Saadat Abdullayeva urushdan keyin 31 yil maktabda farroshlik qilgan. U bir o‘g‘li va ikki qizidan ayrilgan. Hozirda momoning ikki qizidan 8 nevara, 15 chevara va 4 evarasi bor.
Kun.uz 3 yil oldin Saadat momo haqida reportaj tayyorlagandi.
«Kolxozda ishladim. Yer ag‘dardim. Qazuv qazdim. U paytlari texnika yo‘q edi. Kanallarni qazdik. Undan keyin texnika chiqdi.
Urush davri hamma jangga ketdi, ko‘pchilik halok bo‘ldi. Erim ham urushdan qaytmadi. Hatto o‘lik ko‘mishga erkak qolmagandi. Bu ishni keksa ayollar bajargan vaqtlari ham bo‘lgan”, deya hikoya qilib bergandi o‘shanda Saadat momo urush yillarini eslab.
Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz uch yilligi munosabati bilan davlat xizmatchilari hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga asosan bir guruh 100 yoshdan oshganlar “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Ular safida Saadat momo Abdullayeva ham bor.