Putin birinchi marta XJS vakolatini tan olgan davlatga tashrif buyuradi

Jahon 22:41 / 29.08.2024 20651

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 3 sentabr kuni rasmiy tashrif bilan Mo‘g‘ulistonga boradi, deb xabar qildi Kreml matbuot xizmati.

Putin Mo‘g‘ulistonga mamlakat prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux taklifiga binoan Xalxin-Gol daryosida sovet va mo‘g‘ul qo‘shinlarining Yaponiya qurolli kuchlari ustidan qozonilgan qo‘shma g‘alabasining 85 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etish uchun boradi.

«Muzokaralar chog‘ida davlat rahbarlari Rossiya-Mo‘g‘uliston munosabatlarini har tomonlama yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qiladilar hamda dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashadilar», deyiladi Kreml xabarida.

BBC ta’kidlaganidek, bu Putinning Xalqaro jinoiy sud (XJS) tomonidan o‘zini hibsga olishga order berilganidan keyin Rim statutini tan olgan davlatga birinchi tashrifi bo‘ladi. Mo‘g‘uliston 2000 yilda Rim statutini imzolagan va 2002 yilda uni ratifikatsiya qilgan. Xalqaro jinoiy sud 2023 yil mart oyida Rossiya prezidentini hibsga olishga order bergan.

Qayd qilinishicha, 2023 yil dekabr oyida mo‘g‘ulistonlik sudya birinchi marta XJS sudyasi bo‘ldi. Mo‘g‘uliston prezidentining ta’kidlashicha, birinchi mo‘g‘ul sudyasining XJS vakili bo‘lgani «mamlakatning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va xalqaro tashkilotlarning Mo‘g‘ulistonga ishonchi oshgani va mustahkamlanganidan dalolatdir».

XJS vakolatini tan olgan mamlakatlar Putinni hibsga olishga rasman majbur, deb ta’kidlamoqda BBC. Ammo Mo‘g‘uliston dengizga chiqish imkoni yo‘q va faqat Rossiya va Xitoy bilan chegaradosh, bu Putinni ehtimoliy hibsga olish va ekstraditsiya qilish jarayonini «murakkablashtiradi».

Hibsga olish uchun order chiqarilgandan beri Putin XJS vakolatini tan oladigan mamlakatlarga bormadi. 2023 yil iyul oyida Rossiya prezidenti BRICS sammitida ishtirok etmadi va Janubiy Afrikaga tashrifini bekor qildi. Janubiy Afrika Rim statutini ratifikatsiya qilgan va shuning uchun Putinni hibsga olish va uni Haagaga ekstraditsiya qilish majburiyati bor edi. Shu bilan birga, Janubiy Afrika Respublikasi prezidenti Siril Ramafosa muxolifatning XJS oldidagi majburiyatlarini bajarish talabiga javob berar ekan, Putinning hibsga olinishi Rossiyaga qarshi urush e’lon qilish sifatida baholanishidan ogohlantirganini aytdi.

2023 yil mart oyida XJS Vladimir Putinni Ukrainaning bosib olingan hududlaridan bolalarni Rossiyaga noqonuniy deportatsiya qilishda gumon qilib, hibsga olishga order bergan edi. Xuddi shunday order prezident huzuridagi Bolalar huquqlari bo‘yicha vakil Mariya Lvova-Belovaga nisbatan ham chiqarilgan.

Ko‘proq yangiliklar: