Parijda yozgi Paralimpiya o‘yinlari ochildi

Sport 09:22 / 29.08.2024 12008

28 avgust, chorshanba kuni Parijda XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlari boshlandi. Ochilish marosimi mahalliy vaqt bilan soat 20:00 da (Toshkent vaqti bilan 23:00) Konkord maydonida boshlandi. Yelisey maydonlarida o‘tkazilgan jamoalar paradida 4400 ga yaqin sportchi – dunyoning 180 dan ortiq delegatsiyasi vakillari ishtirok etdi. 

Shou rejissyori, avvalroq Parijda bo‘lib o‘tgan Olimpiada o‘yinlarining ochilishi va yakunlanishida bo‘lgani kabi Toma Jolli bo‘ldi, xoreografik chiqishlar esa Aleksandr Ekman tomonidan sahnalashtirilgan. Fransiyaning RFI davlat radiostansiyasi efirida Jolli Paralimpiya o‘yinlarining ochilish marosimi inklyuzivlik va jamiyatdagi tarqoqlikdan totuvlik sari yo‘lga asoslaganini aytdi. 

Paralimpiya o‘yinlari 8 sentabrga qadar davom etadi. Musobaqada ishtirok etayotgan sportchilar 22 sport turi bo‘yicha medallar uchun kurash olib boradi. 

Foto: AP

O‘zbekiston delegatsiyasi

Marosimda O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi. Unda Husniddin Norbekov va Mohigul Hamdamova bayroqdorlik qilishdi.

To‘rt yillikning nufuzli turnirida O‘zbekiston sharafini 65 nafar sportchi himoya qiladi. Ular jami 113 ta litsenziyaga ega chiqishgan.

Rossiya va Belarus sportchilari Paralimpiya o‘yinlarida

Rossiya va Belarus sportchilariga Rossiyaning Ukrainaga keng miqyosli hujumi munosabati bilan kiritilgan sanksiyalar tufayli Paralimpiya o‘yinlarida faqat neytral maqomda ishtirok etishga ruxsat berildi. Bu sportchilar O‘yinlarning ochilish marosimida qatnashmadi. Ularga o‘z mamlakatlari bayroqlaridan foydalanishga ruxsat berilmaydi, agar ular g‘alaba qozonsa, davlat madhiyasi yangramaydi. TASS agentligi Xalqaro paralimpiya qo‘mitasiga tayanib, o‘yinlarda 90 nafar rossiyalik va sakkiz nafar belaruslik ishtirok etishiga ruxsat berilganini xabar qildi. 

Bu qaror tanqidlarga sabab bo‘ldi. Xususan, Germaniya imkoniyati cheklangan sportchilar uyushmasi (DBS) prezidenti Fridxelm Yulius Boyxer Rossiya Federatsiyasi va Belarus sportchilariga Paralimpiya o‘yinlarida «o‘rin yo‘q»ligini aytdi. «Agar Olimpiada va Paralimpiya o‘yinlari tinchlik xabarini yetkazmoqchi bo‘lsa, boshqa davlatga hujum qilib, o‘lim va halokat sepayotgan davlat sportchilariga ukrainalik sportchilar bilan birga musobaqalashish imkoniyati berilmasligi kerak», dedi Boyxer.

Foto: AP

Eng katta qochqinlar jamoasi

Bundan tashqari, ushbu Paralimpiya o‘yinlarida tarixdagi eng yirik qochqinlar jamoasi ishtirok etadi. Unda Eron, Suriya, Afg‘oniston, Kamerun va boshqa davlatlardan bo‘lganlar sportning olti turi – yengil atletika, pauerlifting, txekvondo, stol tennisi, triatlon va nogironlar aravachasida poyga bo‘yicha o‘zaro kuch sinashadi. Qochqinlar jamoasi butun dunyo bo‘ylab 120 millionga yaqin majburiy ko‘chirilgan odamlarni ifodalaydi.

Foto: AP

Paralimpiya o‘yinlari nogironlar uchun eng yirik sport musobaqasidir. Unga 1948 yilda nemis nevrologi Lyudvig Gutman tomonidan asos solingan, u 1939 yilda fashistlar Germaniyasidan Britaniyaga qochgan. Musobaqa 1960 yilda Paralimpiya o‘yinlari rasmiy nomini oldi. O‘shandan beri ular har to‘rt yilda, 1988 yildan beri - Olimpiada bilan bir joyda o‘tkaziladi.

Foto: AP
Ko‘proq yangiliklar: