O‘zbekistonning yangi tayinlangan favqulodda va muxtor elchisi Alisher Abdusalomov bugun tongda Koreya Respublikasi poytaxtiga keldi.
U Seulga tayinlanishidan avval O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi kotibiyatiga rahbarlik qilgan.
Diplomat 40 yoshda. Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti va Janubiy Koreyaning Kyong-Xi universitetini bitirgan.
Alisher Abdusalomov kasbiy faoliyatini O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida (hozirgi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi) boshlab, yetakchi mutaxassislikdan Bosh boshqarma boshlig‘igacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan. Uning faoliyatida diplomatik xizmat ham muhim o‘rin tutadi. Xususan, u 2013-2016 yillarda O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasida savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchi, 2018-2024 yillarda esa Janubiy Koreyada ham ushbu lavozimda ishlagan.
Alisher Abdusalomov 1995 yildan 2024 yilgacha qisqa tanaffus bilan O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasiga rahbarlik qilgan Vitaliy Fen o‘rniga tayinlandi.
O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi favqulodda va muxtor elchisi Vitaliy Fen 18 iyun kuni 77 yoshida vafot etdi.