Xorijda yashayotgan qoraqalpoq diasporasi vakillari Nukusga taklif etildi. Uch kunlik dastur asosida ular Respublikaning qadimiy va tarixiy obektlarida bo‘ldi. Mehmonlarning aksariyati bundan 25-30 yil avval vatanini tark etgan. Biroq, Qoraqalpog‘istonga bo‘lgan mehri o‘zgarmay kelmoqda.
Vatan unutilmaydi, insonning kindik qoni to‘kilgan yurtga mehri ham bolalikdagi kabi saqlanadi. Bundan ancha yillar ilgari turli maqsadlar ortidan Qoraqalpog‘istonni tark etgan bu yurtdoshlarimiz yuqoridagi fikrlarni tasdiqlaydi. Mehmonlar tarixiy vataniga kelarkan, bolalik xotiralarini yodga oldi.
Dastavval, ular Taxtako‘pir tumanining Dauxara ovuli, Qorateren ko‘liga bordi. Bundan 30 yil avval o‘qish maqsadida Qoraqalpog‘istonni tark etgan Luiza O‘rimbetova aynan shu tumanda tug‘ilib o‘sgan. Meni taklif qilishgan zahotiyoq yetib keldim, deydi u. O‘rimbetova bugun oilasi bilan Ostona shahrida yashaydi. Bolaligi shu ko‘l atrofida o‘tgan. O‘zgarishlar katta, bu yerlarni taniy olmadim. Bir necha o‘n yillardan beri Qozog‘istonda yashayman, lekin qarindoshlarim Qoraqalpog‘istonda. Vatanga mehr o‘zgarmas ekan, deydi u.
Qorateren ko‘li atrofi turistik maskanga aylanib, 10 ta o‘tovlar, konsertlar uchun sahna va tomoshabinlar maydonchasi qurilgan.
Qorateren atrofini obodonlashtirish ishlari yaqinda boshlandi. Atrof cho‘l edi, etnoturistik majmuaning qurilishi esa dauxaraliklarni xursand qildi, deydi rasmiylar.
Yelena Do‘spanova bundan qariyb 20 yil avval Rossiyaga ko‘chib ketgan. O‘zi tarjimon, filolog. Moskvada qoraqalpoq milliy markaziga rahbarlik qiladi. Qoraqalpoq eli doim milliyligiga sodiq bo‘lib keldi, men ham shu yo‘lda xizmatdaman, deydi u. Do‘spanovaga ko‘ra, Nukus yaxshi rivojlanyapti. 4 oy avval xizmat safari bilan kelib-ketgandim, qisqa muddat ichida ham yangidan-yangi binolar qad rostlabdi, deya qo‘shimcha qiladi u.
Mehmonlar Nukus shahridagi IT park, undan keyin esa Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazida bo‘lishdi. Ushbu tibbiyot muassasi bosh shifokori so‘zlariga ko‘ra, qoraqalpoq xalqi uchun zamonaviy shifoxonaga ega bo‘lish 30 yildan beri armon edi. Shu armonimiz ushaldi, deydi Ernazar Xolmirzayev. Ma’lum qilinishicha, bu yerda kuniga 20-25 ta operatsiyalar ham bo‘lar ekan.
Bugun Qozog‘istonning Olmaota shahrida yashovchi Jyetkerbay Pishenbayev 25 yil avval Qoraqalpog‘istondan ko‘chib ketgan. Lekin aka-ukam, qarindoshlarim bu yerda yashaydi, deydi u. Chimboy tumanida tug‘ilgan Jyetkerbay uzoq yillar o‘tgach o‘z Vataniga qaytganida, tuman ko‘chalarini asfalt qilingan holda ko‘rganidan xursandligini aytadi.
Kun davomida mehmonlar Nukusdagi “Oq qush” me’morchilik markaziga ham borishdi. Bu yerda jahonning Ginnes rekordlar kitobiga kiritilgan qoraqalpoq xalqi qora uyi - ya’ni o‘tov joylashgan. Bu o‘tov esa 40,5 metr diametri bilan dunyoda eng kattasi deb topilgan. Jahon rekordlari kitobiga kirish – mustaqillikning 33 yilida qoraqalpoq xalqi uchun sovg‘a bo‘ldi, deydi Jyetkerbay Pishenbayev.
Ikkinchi kun dastur bo‘yicha mehmonlar yana qator tarixiy obidalar, qadimiy obektlarda bo‘ldi. Nukusdan 150 kilometr uzoqlikda joylashgan Tuproqqal’a qadimda Xorazmshohlar poytaxti bo‘lgan. Bugun qadimiy poytaxtdan esa xarobalar qolgan xolos.
Beruniy tumani, Do‘stlik ovulida Sulton Uvays qaraniy ziyoratgohi joylashgan. Mehmonlar bu yerda ham bo‘lib, o‘tganlar haqqiga duo qilishdi.
Biz xorijga ko‘chib ketgan qoraqalpoqlardan agar imkoniyat tug‘ilsa, o‘z vatanlariga qaytishlari mumkin yoki yo‘qligi xususida ham so‘radik. Aksariyatining aytishicha, ular hozir yashaydigan joyini qulayroq deb biladi. Ammo, Qoraqalpog‘istonga bo‘lgan mehr o‘zgarmaydi. Aloqalarimizni hech qachon uzmaymiz, deydi xorijdagi qoraqalpoqlar.
Shoxrux Majidzoda tayyorladi.
Tasvirlar muallifi Asror Almuradov.