O‘rta daromadli oila uchun kamxarajat xonadon qanday yaratiladi? BMT subsidiyalari haqida

O‘zbekiston 12:26 / 29.08.2024 2955

Energiya tejamkor uylar, ya’ni energiyani tejash va isrofni kamaytirish maqsadida qurilgan uylar, zamonaviy qurilishning muhim aspektlaridan biri. Ularni qurish va energiya sarfini minimallashtirish, ekologik ta’sirni kamaytirish, energetika xarajatlarini qisqartirish haqida BMTTDning “O‘zbekistonda energiya tejamkor qishloq uy-joylari qurilishini rivojlantirishga ko‘maklashish” loyihasida tanishing.

Issiqlikni saqlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish, iqtisodiy manfaat bunday uylarni yanada qulay qiladi. Energiya tejamkor uylar, shuningdek, global issiqlikni kamaytirishga va tabiatni saqlashga ham katta hissa qo‘shadi.

Pulingizni va kuchingizni tejang!

Yuqori daromadli oilalarda elektr energiyasi xarajatlarning o‘rni deyarli sezilmasligi mumkin, biroq narxlar va foydalanishga cheklovlar oshayotgan bir pallada o‘rta daromadli xonadon egalari uchun elektr toki to‘lovlari turli qiyinchiliklarni yuzaga keltirishi turgan gap.

Aqlli energiya tejamkor uylar bu – eng so‘nggi texnologiyalar bilan jihozlangan, energiyani samarali ishlatishga moslashtirilgan xonadonlar hisoblanadi. Bunday uylarga elektr tokini tejash uchun avtomatlashtirilgan turli tizimlar va aqlli qurilmalar o‘rnatiladi.

Misol uchun, aqlli boshqaruv tizimlari xonadonni isitish, sovitish, yoritish jarayoni va boshqa qurilmalarning ishlashini avtomatik ravishda boshqaradi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, aqlli boshqaruv tizimlari xonadon ichida odam bor vaqtda qurilmalarning ishlashi, yo‘q vaqtda esa ishlashdan avtomatik ravishda to‘xtashini ta’minlaydi. Bu esa, o‘z o‘rnida, energiya samaradorligini oshiradi.

Shuningdek, aqlli energiya tejamkor uylar qurilishida yuqori sifatli izolyatsiya materiallari ishlatiladi, bu issiqlik yo‘qotilishini kamaytiradi va uyni yil bo‘yi qulay haroratda ushlab turishga yordam beradi.

Energiya tejamkor uylar qanday quriladi?

“Xonadonlarni isitish, sovitish, yoritish tizimlari, uyning avtomatizatsiya qilinishi energiya talab qiladi. Tejovchi moslamalar, samaradorlikni oshiruvchi uskunalar qo‘yilib, tejash usullari tashkil qilinadi. Buning o‘z qonun-qoidalari bor. Masalan qurilish ketma-ketligida energiyasamaradorlikni oshirish uchun birinchi bo‘lib, inshoot konstruksiyasiga, qurilish materiallariga, oyna-eshiklar joylashuviga e’tibor qaratiladi.

Biz har bir kvadrat metrdan maksimal foydalanishga e’tibor berishimiz kerak. Rivojlangan mamlakatlarda har bir narsadan unumli foydalanishadi. Pol, devor, shiftdan ham. Yoritish uskunalari samarali joylashtiriladi.

Uy qurayotganda orzu-havaslar bilan juda baland qurishadi, lekin uni isitish, yoritish o‘ylanmaydi. Qurilib bitgandan keyin qaralsaki, tejash emas, isrof yo‘liga kirib qolgan. Uy bu – katta investitsiya hisoblanadi. Ya’ni tejamkor uyda uning avlodi, farzandlari yashaydi. Bu uyda suv, elektr tejalmasa oila a’zolarining puli butun umr shunga sarflanaveradi. Ya’ni u kasal uy hisoblanadi” deydi mutaxassis.

Aqlli energiya tejamkor uylarda yashashning afzalliklari

Energiya tejamkor uylarda yashash bir qancha afzalliklarga ega. Ushbu uylar energiyani samarali ishlatgani sababli elektr va gaz xarajatlari sezilarli darajada kamayadi. Aqlli qurilmalar va izolyatsiya uyning ichki haroratini barqaror ushlab turishga yordam beradi, natijada energiya sarfi pasayadi.

Energiyani tejash orqali atmosferaga chiqariladigan karbonat angidrid (CO2) miqdori kamayadi. Bu tabiatga katta yordam bo‘ladi va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishga hissa qo‘shadi.

Energiya tejamkor qurilmalar uyning qiymatini oshiradi. Kelajakda mazkur turdagi uylarni sotish paytida uning narxini ko‘tarishi ham mumkin.

Aqlli uy texnologiyalari uyni avtomatik boshqarish funksiyasi orqali yashash qulayligini orttiradi. Harorat, yoritish va xavfsizlikni masofadan nazorat qilish imkoniyati bunga yaqqol misoldir.

Yaxshi izolyatsiya va havoni tozalash tizimlari orqali uyning ichki muhitida havo toza saqlanadi. Bu esa allergiya, astma kabi kasalliklarning oldini olishga yordam beradi.

Moliyaviy jihatdan samaradorligi esa uy bekalari tomonidan alohida e’tirof etilyapti:

“Quyosh paneli o‘rnatganimizga bir yil bo‘ldi. Shu vaqt davomida uning samaradorligini ko‘rib turibmiz – oilaviy budjetimizga ancha foyda bo‘ldi. Xonadonimizda chiroq o‘chmaydi, hammada o‘chsa ham bizda elektr energiyasi bo‘ladi. Oshxona, hammomga issiq suv, elektr kerak, bizda ular muntazam bo‘ladi.

Bundan tashqari turmush o‘rtog‘im elektromobilni quvvatlash uchun ham quvvatlash shoxobchasiga bormasdan turib quyosh panelidan olingan elektrdan foydalanadi. BMT tomonidan ajratilgan subsidiyalardan foydalandik, bu imkoniyatlardan mamnunmiz. Panellarni o‘rnatmasimizdan avval elektr energiyasi uchun juda ko‘p xarajat qilardik. Masalan qish oylarida 800-900 minggacha to‘lardik. Yoz oylarida oyiga 300-400 ming atrofida to‘laganmiz. Quyosh panellaridan foydalana boshlaganimizdan keyin oilaviy budjetimizga ancha foyda bo‘lyapti. Yaqinda yana qo‘shimcha panellar o‘rnatish harakatidamiz” deb ta’kidlaydi uy bekalaridan biri.

 

 

Qanday qurilmalar o‘rnatish mumkin?

Aqlli energiya tejamkor uylarda doimiy tarzda energiya monitoringni yuritiladi. Bu jarayonda aqlli uy tizimlari xonadondagi energiya sarfini doimiy ravishda kuzatib boradi va ortiqcha elektr toki ishlatish holatlarini aniqlash hamda isrofini kamaytirish yuzasidan ma’lumotlarni taqdim etadi.

Datchiklar va aqlli termostatlar yordamida uyning harorati va yoritilishi avtomatik ravishda boshqariladi, bu tizim ham energiyani tejashga yordam beradi.

Ushbu turdagi xonadonlarga aqlli rozetkalar va chiroqlar ham o‘rnatiladi. Ular masofadan boshqarilishi yoki dasturlanishi mumkin, bu esa uyni tark etganingizda yoki uxlashga yotganingizda elektr jihozlarini avtomatik ravishda o‘chirishga imkon beradi.

Aqlli energiya tejamkor uylarda, shuningdek, quyosh energiyasidan samarali foydalanish tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘ladi. Masalan, birgina quyosh panellari orqali ehtiyojga muvofiq elektr energiyasi ishlab chiqariladi va undan foydalaniladi, ortiqcha energiya esa tarmoqqa qaytariladi, bu orqali qo‘shimcha daromad ham topish mumkin.

 

Jahon bo‘ylab aqlli energiya tejamkor uylar qurilishi sohasida turli mamlakatlarda muvaffaqiyatli tajribalar mavjud. Quyida ba’zi davlatlarning ilg‘or tajribalari haqida tanishtirib o‘tamiz:

Germaniya "Passivhaus" ya’ni passiv uylar konsepsiyasini ishlab chiqqan va amaliyotga kiritgan birinchi davlatlardan biri hisoblanadi. Passiv uylar yuqori izolyatsiya, havo o‘tkazmaydigan qurilish va energiya samaradorligi yuqori bo‘lgan oynalar bilan jihozlanadi. Bunday uylarda an’anaviy isitish tizimlariga ehtiyoj juda kam, chunki ular atrof-muhitdan keladigan energiyani samarali tarzda yig‘adi va kundalik ehtiyojlar uchun sarflaydi. Mazkur turdagi uylarda yillik energiya sarfi an’anaviy uylarga nisbatan 90% gacha kam bo‘ladi.

 

AQShda "LEED" (Leadership in Energy and Environmental Design) ya’ni “Energiya va atrof-muhitni loyihalashda yetakchilik sertifikati” joriy etilgan bo‘lib, u ekologik toza va energiya tejamkor binolarni qurish maqsadida ishlab chiqilgan. Bu turdagi uylarda quyosh energiyasi, yomg‘ir suvini yig‘ish, qayta ishlangan materiallar va aqlli boshqaruv tizimlari kabi texnologiyalardan foydalaniladi.

Daniyada "Energy Plus" konsepsiyasi bo‘yicha uylar quriladi. Bu turdagi xonadonlar o‘zlari sarflaydigan energiyadan ko‘proq energiya ishlab chiqaradi ya’ni quyosh panellari, shamol turbinalari va boshqa qayta tiklanadigan manbalardan foydalanib, "Energy Plus" uylar ortiqcha elektr toki ishlab chiqarishi, ortiqchasini milliy tarmoqqa qaytarib berishi mumkin.

Yaponiyada "Fujisawa Sustainable Smart Town" - "Barqaror aqlli shaharcha" loyihasi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu shahar butunlay aqlli texnologiyalar va qayta tiklanadigan energiya manbalari asosida qurilgan. Uylarda aqlli tarmoqlar (smart grids), quyosh panellari, energiya monitoring va avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari joriy etilgan.

Avstraliyada yangi qurilayotgan uylarga 6 yulduzli energiya reytingini olish talab etiladi. Bu reyting yuqori energiya samaradorligini va past energiya sarfini ko‘rsatadi. Reyting tizimi orqali uylarning energiya barqarorligi sinovdan o‘tkaziladi va 6 yulduzli reyting olish uchun uylarda quyosh panellari, energiya tejamkor yoritish tizimlari va yuqori izolyatsiya o‘rnatilgan bo‘lishi talab etiladi.

Shvetsiyada "Nul-energy" konsepsiyasi ishlab chiqilgan. Bu uylar yil davomida sarflaydigan energiyasidan ko‘proq yoki shu miqdorga teng energiya ishlab chiqaradi. Odatda, bunday uylarda quyosh panellari, yerdan issiqlik olish tizimlari ya’ni geotermal energiya va energiya samaradorligi yuqori bo‘lgan izolyatsiya materiallari keng qo‘llanadi.

Bu tajribalar boshqa mamlakatlar uchun ham aqlli energiya tejamkor uylar qurishda yo‘l xaritasi bo‘lishi mumkin. Biroq konsepsiya ishlab chiqishda yondashuv mahalliy iqlim, qonunchilik va energetika siyosatiga mos ravishda shakllantirilishi lozim.

 

Energiya tejamkor uylar uchun subsidiyalar

 

Aqlli energiya tejamkor uylarni qurish yoki xonadoningizni ayni shunday shaklda rekonstruksiya qilish uchun Birlashgan Millatlar tashkiloti Taraqqiyot dasturi doirasida subsidiyalar taqdim etiladi.

Bunda:

Quyosh panellari va akkumulyatorlar uchun erkaklarga 30%, ayollarga 32,5 %;

Quyosh suv isitkichlari uchun erkaklarga 25%, ayollarga 27,5 %;

Issiqlik nasoslari uchun erkaklarga 25%, ayollarga 27,5 % ;

Ikki qavatli oyna romlari uchun erkaklarga 15%, ayollarga 17,5 %;

Uch qavatli oyna romlari uchun erkaklarga 25%, ayollarga 27,5 %;

Tashqi devorlar issiqlik izolyatsiya qoplami uchun erkaklarga 35%, ayollarga 37,5 % miqdorida subsidiya beriladi. Subsidiya mablag‘larini olish haqidagi to‘liq ma’lumotlarni @BMTTDsubsidiyasi yoki Energymarket.uz manzillari orqali olishingiz mumkin!

 

Aqlli energiya tejamkor uylar uchun dastlabki investitsiya katta bo‘lishi mumkin, ammo bu turdagi xonadonlarning uzoq muddatli resurs tejash imkoniyatlari yillar davomida o‘zini oqlaydi va ortiqcha xarajatlarni kamaytiradi.

Energiya tejamkor uylarda yashash, umuman olganda, iqtisodiy samaradorlik, ekologik barqarorlik va yashash qulayligini ta’minlash orqali hayot sifatini yaxshilashga yordam beradi.

Ko‘proq yangiliklar: