Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) banklari avgust oyida Rossiya Federatsiyasi kompaniyalaridan elektron komponentlar va maishiy elektronika uchun to‘lovlarni bloklashni boshladi. Bu haqda 28 avgust, chorshanba kuni «Kommersant» gazetasi o‘z saytida ma’lum qildi.
Uning ma’lumotlariga ko‘ra, bloklash uskunalar BAAga kelmagan hollarda joriy etilyapti.
«Rossiya tashkilotlari BAAdagi kompaniyalardan Xitoyga elektronika uchun mablag‘ o‘tkazish usuli sifatida foydalangan, ammo tovarlarning o‘zi darhol Rossiya Federatsiyasiga jo‘natilgan», deb tushuntirdi nashr manbasi.
Unga ko‘ra, BAA orqali to‘lovlarni amalga oshirishda komissiya faqat 1-3 foizni tashkil qiladi. Banklar AQShning ikkilamchi sanksiyalari tahdidi tufayli tranzaksiyalarni rad etishni boshladi.
«Beshtau» elektronika ishlab chiqaruvchisi bosh direktori Oleg Osipovning tushuntirishicha, ko‘plab rus tashkilotlari Ukrainada urush boshlanganidan keyin Dubayda o‘z vakolatxonalarini ochgan. Birgina 2023 yil oxiriga kelib BAAda 1000 ga yaqin rus kompaniyasi ochildi, deb yozadi «Kommersant».
Xitoy kompaniyalari mablag‘ manbasini tekshirishni talab qildi
«Rossiya-Osiyo sanoatchilar va tadbirkorlar ittifoqi» raisi Vitaliy Mankevich shunday dedi: «Xitoy tomoni uchinchi davlatlar orqali tranzaksiyalarni amalga oshirishni yoqtirmaydi».
Osipovning so‘zlariga ko‘ra, bloklash Xitoy banklari tomonidan boshlangan. Xususan, ular Dubay tashkilotlaridan o‘zlariga kelib tushgan mablag‘lar manbasi, shuningdek, bojxona deklaratsiyasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni so‘rashni boshladi, deya aniqlik kiritdi u.
Rossiya va Xitoy 30 yil ichida birinchi marta barterga o‘tishi mumkin
Rossiya va Xitoy Ukrainaga qarshi hujum uchun Rossiyaga nisbatan sanksiyalar doirasida AQSh tomonidan nazorat qilinadigan bank tizimlaridan foydalanishni cheklash uchun qariyb 30 yil ichida birinchi marta barter savdo sxemalariga o‘tishi mumkin. Bu haqda Reuters agentligi savdo va to‘lovlar sohasidagi uch manbaga tayanib xabar berdi.
Rossiya Federatsiyasi barter savdosi qoidalarini ishlab chiqmoqda va agentlik tomonidan so‘ralgan rus manbalari Xitoy ham shunday qilmoqda, degan taxminda.
Rossiya prezidenti Vladimir Putinning may oyida Xitoyga tashrifi chog‘ida tomonlar Xitoy banklari orqali to‘lovlarni kechiktirish masalasini muhokama qilgan edi. Rossiya prezidentining safari oldidan AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Pekinni Xitoy kompaniyalari Rossiya harbiy-sanoat kompleksini qo‘llab-quvvatlasa, ularga qarshi ikkilamchi sanksiyalar tahdidi haqida yana bir bor ogohlantirdi.