Ukraina Kursk viloyatida avgust oyi boshida boshlangan harbiy amaliyotlar chog‘ida Ukraina qurolli kuchlari nazoratiga o‘tgan hududlarni bir muddat ushlab turish niyatida. Bu haqda 28 avgust, chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan IntelSummit 24 xavfsizlik konferensiyasida AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) rahbari o‘rinbosari Devid Koen ma’lum qildi.
Kiyev rasmiylari qo‘lga kiritilgan Rossiya hududini anneksiya qilish niyati yo‘qligini aytsa-da, Ukraina qo‘shinlari mudofaa chizig‘ini qurmoqda va «bu hududlarning bir qismini ma’lum muddat ushlab turish» niyatida bo‘lishi mumkin», deya Koenning so‘zlaridan iqtibos keltirgan Reuters agentligi.
Koen: Kursk viloyatidagi hududlarni qaytarish oson bo‘lmaydi
Markaziy razvedka boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Kursk viloyatidagi hududlarni qaytarib olish uchun qarshi hujumga o‘tadi, biroq rus kuchlari «og‘ir jangga» duch keladi. Bundan tashqari, Putin Rossiya hududini yo‘qotgani sababli «o‘z jamiyatidagi aks-sadolarga» duch kelishi kerak, dedi Koen. Uning ta’kidlashicha, Ukrainaning Rossiya Federatsiyasiga bostirib kirishi, buning natijasida Kursk viloyati hududi bir qismi Ukraina qurolli kuchlari nazoratiga o‘tgani haligacha yetarli darajada baholanmagan.
Koen Ukrainaning Donetsk viloyati Kiyev nazoratidagi hududida joylashgan Pokrovsk shahri uchun olib borilayotgan janglar haqida ham fikr bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, rus qo‘shinlari «katta yo‘qotishlar bilan» unga yaqinlashmoqda.
Ukraina qurolli kuchlari 6 avgustdan buyon Kursk viloyatida keng ko‘lamli hujum operatsiyasini o‘tkazmoqda. 27 avgust kuni Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy 1294 kvadrat kilometr hududda joylashgan 100 ta aholi punkti Ukraina nazorati ostida ekanligini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, hujum doirasida Ukraina qurolli kuchlari jangchilari 594 nafar rossiyalik askarni asirga olgan.