Bizga tadbirkorlik ta’limi kerakmi? Tadbirkorlik universiteti ta’sischisi bilan suhbat

O‘zbekiston 09:51 / 29.08.2024 1804

Tadbirkor bo‘lish uchun o‘qish shartmi? Agar o‘qish kerak bo‘lsa qayerda biznes ta’limi olish mumkin? Toshkentdagi TEAM ilk tadbirkorlik universiteti asoschilaridan biri bo‘lgan Hikmat Abdurahmonov Kun.uz bilan suhbatda bu OTMdagi ta’lim tizimi, tadbirkorlik universitetining davlat iqtisodiyotidagi ahamiyati haqida gapirib berdi. 

Haqiqiy tadbirkorlar tajribasi

O‘zim ko‘p yildan beri tadbirkorlik bilan shug‘ullanganim uchun O‘zbekistonda bu yo‘nalishda ta’lim sohasida chuqur inqiroz borday ko‘rinardi. Ammo yurtimizga bu yo‘nalishdagi mutaxassislarni tayyorlaydigan ta’lim muassasasi kerak edi. Davlat rahbari oliy ta’limdagi muammoni tan olib, xususiy sektorni shunga jalb qilish kerakligini ta’kidladi. Sheriklarim bilan Skolkovo biznes universiteti, ya’ni biznes maktabida o‘qish dasturida edik. Bu signalni eshitgach, 2018 yil boshida uning ustida izlanishni boshladik. Bizda odatda jiddiy biznes g‘oya paydo bo‘lganida unga ishchi guruh shakllantiramiz. Ushbu loyiha uchun biz ma’lumot to‘plashni boshladik. Bunda bizga avvalgidan ko‘proq bilim va tajriba kerakligini yaxshi bilardik.

Foto: TeAM universiteti

Ta’lim sohasiga kirishni boshladik, jahon tajribasini o‘rgandik. Mamlakatimizda xususiy oliy ta’lim bo‘lmagani uchun, mahalliy yechim qidirishda ko‘p mazmun ko‘rmadik. Shu bilan birga, mahalliy muammolarni ham o‘rganish muhim edi: xususan ta’lim metodlarining eskirgani, o‘qituvchilarning ma’ruzalar bilan cheklanishi, akademik avtonomlik yetishmasligi, OTMda korporativ boshqaruv yo‘qligi, fanlarning o‘zlashtirish imkoniyatidan ko‘pligi, nazariya va amaliyotning birga olib borilmasligi kabi muammolar mavjudligini bildik. Universitetlarimizning xalqaro darajadagi nufuzi pastligi, ingliz tilida o‘qitish kamligi uchun jahon arenasida bizning ta’lim raqobatlasha olmasligiga sabab bo‘layotgani ham ko‘z yumib bo‘lmaydigan holat edi. Bu muammolarga duch kelar ekanmiz, yelkamizga katta mas’uliyatni olayotganimizni bilardik.

Hammasi oson bo‘lmadi – poydevor, xalqaro tajriba va ota-onalar fikri

Albatta, har bir ishning boshlanishida muammolar yuzaga kelishi tabiiy. Ilk muammo bizda bu borada xususiy ta’lim bo‘lmagani uchun unga aniq kirish mexanizmlari va reglamentining yo‘qligi bilan ko‘zga tashlandi. 2018 yildan 2020 yilga qadar respublika darajasidagi vakillar, rahbarlar – maslahat olmagan odamimiz qolmadi. O‘nlab uchrashuvlar o‘tkazildi. Shu vaqtda bizning kovorking markazlarimiz davlat rahbari e’tiboriga tushdi. Shunda, GroundZero kovorkingimizga tashriflari jarayonida men taqdimot qildim va xususiy universitet g‘oyasini taklif qildim. Bu ijobiy reaksiya bilan qabul qilindi. Yana bir nechta shunday uchrashuvlar va suhbatlardan keyin, pandemiya davrida umidlarimiz uzilay deganida, nihoyat 18 aprel kuni TeAM universiteti to‘g‘risida hukumat qarori chiqdi. Men uchun eng baxtli onlarimdan biri edi, katta ishning boshlanishi va jamiyatga ijobiy ta’sir o‘tkazish va xizmat qilish imkonidek qabul qildim buni.

Ikkinchi katta masala – universitetimiz qanday yo‘nalishda va modelda rivojlanishi kerakligini aniqlab olish bo‘ldi. Buning uchun MDH mamlakatlari, Markaziy Osiyo, Kavkaz mamlakatlari va rivojlangan mamlakatlar tajribasini o‘rgandik. 2 yil davom etgan bu izlanishlarga 150 ming AQSh dollari miqdorida sarmoya sarflandi. Bularning ichiga quyidagilar kirdi:

1.    TeAM’ni tashkil qilishdan oldin sheriklarim bilan o‘ndan ortiq mamlakatlar ta’lim tizimini o‘rgandik, ota-onalar bilan suhbatlashdik: ular farzandlari qanday ta’lim olishini istashadi va ular uchun sifatli ta’lim qanday bo‘lishi kerak? Xalqaro ekspertlarning fikrlarini o‘rgandik hamda barini umumlashtirib bir xulosaga keldik: o‘qish ingliz tilida bo‘lishi kerak, bu xalqaro mutaxassislarni jalb qilishda, adabiyot va boshqa ilm manbalaridan foydalanishda qulay va foydali bo‘ladi.

2.    Xalqaro akademik sherik bo‘lishi muhimligini bildik. Xalqaro hamkor sifatida eng tajribalisi Buyuk Britaniya hisoblanadi. Shundan keyin Britaniya kengashi yordami bilan maxsus konsalting kompaniyasini ishga yolladik. Uning yordamida 10 ga yaqin hamkor tanladik. Londondagi LSBU universiteti akademik standartlar, o‘quv dasturlari va diplom beruvchi hamkoriga aylandi. Ayniqsa, tadbirkorlik va biznes kategoriyasida ixtisoslashuvi va bitiruvchilarining muvaffaqiyatiga e’tibor qaratdik.

Universitetga asos solgan 11 nafar tadbirkorlar va ularning korxonalari talabalar uchun nazariy va amaliy jihatdan katta tajribani o‘taydi – amaliyot, ishga joylashish kabi imkoniyatlar ham beradi. Qo‘shimcha ravishda Britaniya standartlari asosida shakllangan o‘quv tizimi va qo‘shma dasturlar ularga xalqaro ta’lim olish imkonini yaratadi. Universitetimizning asosiy missiyasi – ilg‘or tadbirkorona fikrlaydigan bitiruvchilarni mahalliy va mintaqaviy iqtisodga tayyorlash. Ular o‘z loyihalari orqali individual va jamoa bo‘lib, ilg‘or mutaxassislarga aylanishi kerak. Universitet esa biznes hamjamiyati markaziga aylanishi, tadbirkorlar o‘zaro muloqotga kirishishi va kuchli hamjamiyat bo‘lib shakllanishi zarur.

Talabalarimizning yetakchi tadbirkorlar bilan ko‘proq muloqotda bo‘lishi, xalqaro uchrashuvlar ta’minlanadi. Masalan, aprel oyining o‘zida Garvard biznes maktabidan 15 nafar MBA talabasi tashrif buyurdi. TBC, UZUM, Uzcard rahbarlari kabi yetakchi biznes vakillari bilan talabalarimiz to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotda bo‘ldi. Bu kabi uchrashuvlar har oyda o‘tkaziladi.

Yangicha yondashuv va ilk qaldirg‘ochlar

Universitet ta’sis etilganiga 4 yil bo‘ldi va bu yil ilk bitiruvchilarimiz bozorga chiqadi. Bizni xursand qilayotgan joyi ushbu tajriba TEAM universiteti misolida ilmiy maydonchalarda tahlil qilinmoqda. Xususan, Britaniya kengashi va Oliy ta’lim vazirligi bilan o‘tkazilgan bir qator ilmiy konferensiyalarda tadbirkorlik ta’limi, Sreative spark dasturi, millatlararo ta’lim kabi mavzularda universitetimizning 4 yillik davri misol qilib olindi. Shu yilning aprel oyida bizning talabalar Olmaota shahrida AlmaYu universiteti tarafidan o‘tkazilgan Crack It MDH mamlakatlari talabalari orasidagi g‘oyalar konkursida bizning talabalar birinchi o‘rinni egallab kelishdi. Biz uchun bu demak ta’lim bizda qaysidir ma’noda raqobatbardosh va qaysidir ma’noda to‘g‘ri tashkil qilinganiga ishora qiladi deb o‘ylaymiz.

Yana bir misol, bu xalqaro akkreditatsiya va xalqaro uyushmalarga a’zolik – bu yerda ham biz ilk qaldirg‘och bo‘lishga qaror qildik, CEEMAN biznes ta’lim xalqaro uyushmasiga a’zo bo‘ldik. Bu bizga Yevropa, Markaziy Osiyo, Kavkaz mamlakatlari bosib o‘tgan yo‘lini o‘rganish, ularning ta’lim tizimlari va o‘quv dasturlari bilan tanishish, xususan ta’limdagi ma’muriy xodimlar malakasini oshirish, ta’limda jozibador muhit yaratish bo‘yicha tajriba beradi.

Shuningdek, ularning yillik konferensiyalarida ishtirok etish orqali ta’lim professionallari bilan tanishyapmiz, xususan shu yili martda Istanbulda o‘tkazilgan EURIE ta’lim konferensiyasida ishtirok etdim va TeAM universiteti bosayotgan yo‘l va O‘zbekistondagi ta’lim islohotlari to‘g‘risida gapirib berdim.

TeAM kelgusida qanday bo‘ladi?

Ta’lim mamlakatning umumiy rivojini ko‘rsatib beradigan eng muhim sohalaridan biri ekanini yaxshi bilamiz. Ta’lim darajasiga qarab mamlakatdagi boshqa sohalarning umumiy ko‘rsatkichlariga va barqarorligiga baho berish mumkin. Aytaylik, AQShning iqtisodi raqobatbardosh, iqtidorli kadrlar ko‘p, fan, madaniyat rivojlangan. Shu sabab butun dunyoda bu mamlakatga borib yashash va o‘qish orzu, hatto o‘zbekistonliklarning aksar qismidan buni ko‘rish mumkin. AQSh universitetlari ham dunyoda yetakchilardan. Ularning budjeti juda katta, o‘qituvchilarining maoshlari juda yuqori, tadqiqotlarda ham, milliy iqtisodlarida ham ularning o‘rni katta.

Biz ham faoliyatimizda hali ochilmagan qirralarni kashf etishga harakat qilyapmiz. Masalan, bakalavriatdan tashqari muhim loyihalarni amalga oshirishni maqsad qilganmiz. Yevropa taraqqiyot va tiklanish banki bilan hamkorlikda MovingUp dasturini ishlab chiqdik. Uning maqsadli auditoriyasi mahalliy tadbirkor ayollar bilan ishlash. 2023 yilda 2 oylik o‘quv dasturini joriy qildik. Bu dasturda 60 nafar o‘zbekistonlik tadbirkor ayollar saralanib ishtirok etishdi. Ularga biznes strategiya, bozor, marketing, sotuv, moliya, jamoani boshqarish kabi ko‘nikmalarga urg‘u berilgan holda ta’lim berildi. Ular bu bilimlarni o‘z faoliyatlarida qo‘llab, real tavsiya va maslahatlar olishdi. Shu 2 oy davomida ular bilan O‘zbekistondagi eng ilg‘or tadbirkorlar va top-menejerlar ishladi. 2024 avgustida bu dasturni muvaffaqiyatli qaytardik.

Yana katta yutuq va bosqich bu YeMBA xalqaro magistraturasini Polshaning yetakchi Kozminski universiteti (dunyo biznes maktablarining eng kuchli 1%iga kiradi) bilan joriy qila olganimiz. Ilk bor O‘zbekistonda biznes egalari va top menejerlar uchun bunday yuqori darajadagi o‘qish tashkil etilishi. Bu, fikrimizcha biznes hamjamiyatimiz raqobatbardoshligini oshirishda yagona katta qadam.

Har bir universitet uchun uning kelgusidagi strategiyasi juda muhim. Buni tuzishda esa kichik xodimdan tortib rahbargacha – barchaning fikrini o‘rganish kerak. Ayni paytda TeAM o‘z binosiga ega va kelgusida bu hududni yanada kengaytirishni rejalashtirganmiz. Universitet kampusi uning kelajagi uchun zarur sanaladi va shuning uchun biz kerakli moddiy bazani tayyorlaganmiz. Shuningdek, xalqaro hamkorlik doirasini kengaytiramiz, ya’ni qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish yanada kengayadi. Ta’lim yo‘nalishlarini ko‘paytiramiz.

Gollandiya misolida qaraydigan bo‘lsak, bundan taxminan 60-70 yil muqaddam mamlakatdagi dunyoga taniqli Royal Dutch Shell, Unilever, Phillips, KLM kabi eng yetakchi korxonalar tashabbusi bilan Nenrode tadbirkorlik universiteti ochilgan edi. Bugunga kelib bu universitet mamlakatdagi yetakchi ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Gollandiya iqtisodiyoti uchun juda ko‘p bitiruvchilarni tayyorlab berdi. Bu borada mamlakat nihoyatda raqobatbardosh hisoblanadi. Bu universitetga bordim va u meni juda ilhomlantirdi. Bunday mamlakatlarni juda ko‘plab misol keltirishim mumkin. O‘zbekistonda ham biznes hamjamiyatining ana shunday kuchli universiteti bo‘lishi kerak. Universitetning kelajagi, albatta, o‘sha davlatning kelajagi bilan uzviy bog‘liq. Kelajakda strategiyamiz O‘zbekistonning tadbirkorlik muhitining, iqtisodining rivojlanishiga amaliy hissa qo‘shish. Biznes hab sifatida kuchli mutaxassislar tayyorlash, tadqiqotlar o‘tkazish, izlanishlar olib borish, dasturlar yaratish. Hozir aynan shu masalada PhD doktorlik qilish ustida ishlayapman va unda tadbirkorlik universitetining mamlakat iqtisodiyotidagi va jozibador biznes muhitini yaratishdagi o‘rnini o‘rganmoqchiman.

Tadbirkorlik ta’limining mamlakat rivojidagi o‘rni

Tadbirkorlik ta’limi mamlakat rivoji uchun juda muhim. MDH va Sharqiy Yevropa, mamlakatlari tajribasini alohida o‘rganyapman. Chunki ularda ham biz kabi 90-yillarda iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirish vazifasi turgan. Umuman qaraganda mamlakatning kelajagi xususiy sektor bilan uzviy bog‘liq. Davlat tashkilotlari odatda samaradorligi past bo‘ladi. Ular, albatta, o‘sha islohotlar doirasida xususiylashtirishdan o‘tishi kerak degan tendensiyasini ko‘ryapmiz. Xususiy sektorning iqtisodiyotdagi ulushi 80-90 foizga chiqishi muhim deb hisoblanadi. Bizda hozirgi kunda bor-yo‘g‘i 50 foiz atrofida, lekin ba’zi sohalarda xususiy sektorning ulushi juda kam, masalan moliya sektorini olsak hali ham davlat ulushi o‘ta katta 70% atrofida. Ba’zi siyosatchilarimiz, hukumat vakillarining aytishi bo‘yicha bank sektorida davlat ulushida bitta bank qolsa yetarli degan tushunchalar bor. Bu fikrlarga qo‘shilaman, chunki barcha sohalarda xususiy sektorda samaradorlikni ko‘rish mumkin.

 Kichik va o‘rta biznes iqtisodiyotning poydevori sifatida ishlashi kerak. Buning uchun eng boshlang‘ich qadam ta’limdan boshlanadi. Buning uchun bakalavr dasturidan boshlab startap va tadbirkorlik ko‘nikmalari rivojlantirilishi kerak.

TeAM universitetining o‘ziga xosligi shundaki, unga o‘z sohasida chempionga aylangan tadbirkorlar tomonidan asos solingan. Ular o‘z tajribalari asosida muvaffaqiyatli yosh tadbirkorlarni yetishtirishni maqsad qilishgan. 

Gulmira Toshniyozova suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: