Meta korporatsiyasi rahbari Mark Tsukerberg Oq uy tomonidan COVID-19 pandemiyasi davrida o‘z kompaniyasiga bosim o‘tkazilganini e’lon qildi. AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyatining yuqori martabali amaldorlari Facebook’dagi koronavirus bilan bog‘liq ayrim kontentni «senzuradan o‘tkazishni» talab qilishgan, dedi u 27 avgust, seshanba kuni tarqatilgan AQSh Kongressi Vakillar palatasining Adliya qo‘mitasi raisi Jim Jordanga yo‘llagan xatida.
Tsukerbergning so‘zlariga ko‘ra, amaldorlar bir necha oy davomida Facebook’dan «COVID-19 bilan bog‘liq ba’zi kontent, jumladan, hazil va kinoya»ni olib tashlash yoki cheklashni so‘rab kelgan. Kompaniya buni qilishdan bosh tortganida, ular «jiddiy norozilik bildirishdi», deya qo‘shimcha qildi u.
Tsukerberg hukumat bosimiga qarshi kurashishga va’da berdi
«Hukumat bosimi noto‘g‘ri bo‘lgan deb o‘ylayman va biz bu haqda ko‘proq gapirmaganimizdan afsusdaman», deb yozgan Tsukerberg 26 avgustdagi maktubida, shuningdek, o‘zining X sahifasida.
Meta rahbari o‘z korporatsiyasining bu boradagi ba’zi qarorlari noto‘g‘ri bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini tan oldi va kompaniya kelajakda bunday bosimga qarshi kurashishiga va’da berdi.
2021 yil avgust oyida Meta korporatsiyasi COVID-19 haqidagi noto‘g‘ri ma’lumotlar tufayli Facebook va Instagram ijtimoiy tarmoqlaridagi 20 milliondan ortiq postlarni o‘chirib tashlashini e’lon qildi. Bundan tashqari, vaksinalar haqidagi feyklarni tarqatishda gumon qilingan yuzlab akkauntlar o‘chirilgani ma’lum qilingan.