Polsha 2025 yilgi davlat budjetidan mudofaa uchun rekord darajada mablag‘ ajratadi

Jahon 22:39 / 28.08.2024 2152

Polsha 2025 yilga mo‘ljallangan davlat budjetidan mudofaa uchun rekord darajada mablag‘ — 48,7 milliard dollar ajratadi, deb xabar beradi AP.

Polsha bosh vaziri Donald Tusk Ukraina bilan chegaradosh va xavfsizlik masalalari yuqori bo‘lgan mamlakatning keyingi yil uchun mo‘ljallangan budjetining asosiy bandlarini taqdim etdi. «Bu katta sa’y-harakat, ammo ortga yo‘l yo‘q», — deydi Tuks mudofaa sektorining moliyalashtirilishi haqida.

Polsha moliya vaziri Anjyey Domanskining ma’lum qilishicha, mudofaa xarajatlari bo‘yicha bildirilgan takliflar YaIMning 4,7 foizini tashkil etadi. Shundoq ham mamlakat NATO va Yevropa Ittifoqi davlatlari orasida mudofaaga eng ko‘p mablag‘ yo‘naltiradi — joriy yilda bu YaIMning 4,2 foizini tashkil etgan.

Rossiya bosqinidan keyin Ukrainani qo‘llab-quvvatlab kelayotgan Polsha yirik harbiy texnikalar, jumladan, AQSh va Janubiy Koreyadan qiruvchi samolyotlar, tanklar hamda havo hujumidan mudofaa tizimlarini faol xarid qilmoqda.

Mamlakatdagi birinchi atom elektr stansiyasini qurishga 1,2 milliard dollar ajratilgan bo‘lib, u 2035 yilda foydalanishga topshirilishi kerak. Tuskning aytishicha, zarur infratuzilmani tayyorlash bo‘yicha ishlar tez orada boshlanadi. Polsha so‘nggi yillarda Rossiyaga bo‘lgan energiya qaramligini qisqartirishga urinmoqda.

Prognozlarga ko‘ra, keyingi yilda Polshaning iqtisodiy o‘sishi 3,9 foizni, inflatsiya darajasi esa 5 foizni tashkil etadi.

Mamlakat budjetining rejasi kasaba uyushmalari bilan muhokama qilinmoqda va Polsha qonunchilik palatasi hamda prezident Anjyey Duda tomonidan ma’qullanishi kerak.

Ko‘proq yangiliklar: