Politico: Kiyev Ukrainaning Rossiyadagi ehtimoliy nishonlari ro‘yxatini Baydenga topshiradi

Jahon 10:22 / 28.08.2024 5533

Politico nashrining yozishicha, agar Vashington Amerika qurollaridan foydalanish bo‘yicha tegishli cheklovlarni bekor qilsa, Ukraina AQSh yuqori martabali amaldorlariga Rossiyada uzoq masofali raketa zarbalari nishoniga aylanishi mumkin bo‘lgan obektlar ro‘yxatini taqdim etadi. Nashr 26 avgust, dushanba kuni manbalarga tayanib yozishicha, Kiyev ushbu ro‘yxatdan AQSh rasmiylarini Rossiya hududida qurollardan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilishga ishontirishning so‘nggi urinishi sifatida foydalanmoqda. 

Ukraina Rossiyadagi ehtimoliy nishonlarning bir qismini avvalroq AQShga topshirgan, ammo tayyorlanayotgan ro‘yxat yanada batafsilroq bo‘ladi, deya ta’kidlanadi xabarda. Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, uzoq masofali qurollarga cheklovlarni olib tashlashdan tashqari, Kiyev o‘q-dorilarni yetkazib berishni tezlashtirishga va Ukraina qurolli kuchlarining Rossiya hududiga chuqur hujumi rivojiga umid qilmoqda. 

Rossiyadagi nishonlar ro‘yxatini Umerov va Yermak topshiradi 

Vaziyatdan xabardor uch manbaning Politico nashriga bildirishicha, shu hafta Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov va Ukraina prezidenti maslahatchisi Andrey Yermak Vashingtonga tashrif buyurib, tayyorlangan ro‘yxatni AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyatiga taqdim etadi. Tashrifning aynan qachon amalga oshishi hozircha aniq emas. 

Shu bilan birga, Vashington hanuzgacha AQShning Rossiya hududiga uzoq masofali qurollar bilan zarba berishga ruxsati Rossiya hukumatini yanada agressiv harakatlarga undashi mumkinligidan xavotirda, deb yozadi nashr. 

Bahor oxirida Vashington Rossiya Xarkiv viloyatiga hujumlarini kuchaytirayotgan bir paytda Kiyevga Rossiyadagi nishonlarga zarba berishga sukut bilan ruxsat berdi. Bundan tashqari, ruxsat rus armiyasining oldinga siljishi oldini olish uchun faqat ma’lum bir radiusga tegishli. Ukraina bir necha oydan beri AQShdan Rossiya hududida uzoq masofaga uchuvchi qurollardan foydalanishga ruxsat berishni so‘rab keladi. 26 avgust kuni Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel bu kabi cheklovlarni bekor qilishga chaqirdi.

Ko‘proq yangiliklar: