O‘zbekistonda yer va yer osti boyliklarining muhofazasi kuchaytiriladi

O‘zbekiston 17:17 / 28.08.2024 1199

Oliy Majlis senatining ellik oltinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga yerni va yer osti boyliklarini asrab qolishga hamda muhofaza qilishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun qo‘rib chiqildi.

Ma’lum qilinishicha, respublikada 2676 ta foydali qazilma koni mavjud bo‘lib, ulardan ruxsatnoma asosida tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan 2 mingdan ziyod foydali qazilma qazib olinmoqda. Ayniqsa, qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish rivojlanyapti. Prezidentning 2018 yil noyabrdagi tegishli qarori bilan tadbirkorlikning bir turi sifatida mazkur faoliyatning ham huquqiy asoslari yaratilgan. 2019–2023 yillar mobaynida qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyati uchun 300 dan ziyod ruxsatnoma rasmiylashtirilib, tadbirkorlik faoliyatining qonuniyligi ta’minlangan.

Ammo ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, qimmatbaho metallarni noqonuniy qazib olish bilan bog‘liq holatlar hamon kuzatilyapti. O‘tgan bir yilda qimmatbaho metallarni noqonuniy yo‘l bilan qazib olish bilan bog‘liq 100 dan ziyod holat aniqlangan.

Jizzax, Samarqand, Navoiy va Toshkent viloyatlarida jami 79 nafar jismoniy shaxsga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Sohada huquqbuzarlik holatlari ortib borishi mazkur qilmishlarni sodir etganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni taqozo etmoqda.

Xabarga ko‘ra, Jinoyat kodeksida foydali qazilmalarni qonunga xilof ravishda qazib olish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin takror sodir etganlik uchun, shuningdek foydali qazilmalarni oltin izlovchilar usulida ruxsatnomasiz qazib olganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutadigan normalar mustahkamlanmoqda.

Bundan tashqari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida qurilish ishlarini amalga oshirish, shuningdek yer berish tartibini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzish yuzasidan ichki ishlar organlariga zarur vakolatlar berilmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Ko‘proq yangiliklar: