Mustaqillik bayrami munosabati pensiya to‘lovlarini bank kartasida oluvchi fuqarolarning sentabr oyi uchun pensiya to‘lovlari 1 sentabr kuniga qadar o‘tkazib beriladi. Bu haqda pensiya jamg‘armasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, keksa yoshdagi fuqarolarni, pensiya oluvchilarni, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda bayramni ko‘tarinki ruhda kutib olishlarini ta’minlash maqsadida, pensiya to‘lovlarini bank plastik kartada oluvchi fuqarolarning 2024 yil sentabr oyi uchun pensiya to‘lovlari 1 sentabr kuniga qadar o‘tkazib beriladi.
Prezidentning «Ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq sentabr oyi pensiyalar miqdori 15 foizga oshirilgan holatda pensionerlarga to‘lanishi ta’minlanadi.
Naqd pul shaklida pensiya oluvchilarga esa to‘lovlar 4 sentabr kunidan boshlab Xalq banki sayyor kassalari tomonidan grafikka muvofiq amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidentining farmoniga ko‘ra, 2024 yil 1 sentabrdan boshlab pensiyalar va nafaqalar miqdori 15 foizga oshirilgan.