Oliy Majlis Senatining ellik oltinchi yalpi majlisida senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga kommunal to‘lovlarni sud orqali undirishda qulayliklar yaratishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonunni muhokama qilishdi.
Qayd etilishicha, qonun bilan Fuqarolik protsessual kodeksi va “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Unga ko‘ra ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlari o‘zlari tomonidan aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlikni undirish to‘g‘risidagi da’volar, arizalar va shikoyatlar bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha va iqtisodiy sudlarga murojaat qilishda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadi.
Shuningdek, aholining ortiqcha ovoragarchiligining oldini olish va odil sudlovni ta’minlash maqsadida Fuqarolik protsessual kodeksiga ham o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Jumladan, fuqarolik ishlari bo‘yicha va iqtisodiy sudlarga ko‘p kvartirali uyning joylari mulkdorlaridan majburiy badallar va to‘lovlarni undirish bo‘yicha sud buyrug‘ini berish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qilishda arizaga ilova qilinishi lozim bo‘lgan hujjatlar ro‘yxati qat’iy belgilab qo‘yilyapti.
Muhokamadan so‘ng qonun ma’qullandi.