Kanadada o‘rmon yong‘inlari oqibatida atmosferaga 2,4 mlrd tonnadan ortiq karbonat angidrid gazi chiqdi

Jahon 23:42 / 28.08.2024 1725

Xalqaro iqlimshunoslar jamoasi 2023 yili Kanadada yuz bergan o‘rmon yong‘inlari oqibatida atmosferaga 2,4 milliard tonnadan ortiq karbonat angidrid gazi chiqqanini ma’lum qildi. Bu AQSh, Hindiston va Xitoydan tashqari dunyoning barcha davlatlari tomonidan chiqarilgan jami zararli gazlar hajmidan ko‘p.

«O‘tgan yili Kanadada kuchli va uzoq davom etgan o‘rmon yong‘inlari sodir bo‘lib, yettita katta maydonni egalladi. Hisob-kitoblarimizga ko‘ra, ushbu yong‘inlar oqibatida atmosferaga 2,4 milliard tonnadan ortiq karbonat angidrid gazi chiqqan», — deyiladi tadqiqotda.

Ushbu xulosa NASA Reaktiv harakat laboratoriyasi ilmiy xodimi Brendan Birn tomonidan 2023 yil may-sentabr oylarida Kanadada yuz bergan yong‘inlarning Terra va S5P iqlim zondlari orqali to‘plangan ma’lumotlari asosida shakllantirilgan.

Olimlarning o‘rganishlari davomida yong‘inlar oqibatida atmosferaga 647 million tonna uglerod atomi kelib tushgani aniqlangan — bu 2,4 milliard tonna karbonat angidrid gaziga ekvivalentdir. Buning natijasida Kanada o‘rmonlari Rossiya, Yaponiya, Eron, Germaniya, Indoneziya, Janubiy Koreya va boshqa rivojlangan sanoat davlatlari tomonidan har yili atmosferaga chiqariladigan jami zararli gazlar hajmini ortda qoldirgan.

Oxirgi ikki yildan beri Kanadada kuchli o‘rmon yong‘inlari yuz bermoqda. 2023 yilning o‘zida mamlakatdagi barcha o‘rmon maydonlarining 5 foizini yong‘inlar egallagan bo‘lib, 15 million gektardan ortiq o‘rmonning kuli ko‘kka sovurilgan. Yong‘inlar 2024 yilda ham davom etmoqda, avgust o‘rtalariga ko‘ra, 3,4 million gektar o‘rmon yonib ketgan va o‘n minglab insonlar evakuatsiya qilingan.

Ko‘proq yangiliklar: