«Ishni noldan boshlab, kompaniyamizni 200 mln dollarga sotdik» - Amerikadagi o‘zbek dasturchisi

Jamiyat 15:56 / 28.08.2024 17438

«Amerikada Google, Amazon’da ham ishlaganman»

Men – Kanat Bektemirov. O‘zbekistonda tug‘ilib o‘sganman, Nukusda keyin Toshkentda yashaganman. Amerikada 10-12 sinflarini o‘qiganman, Arkanzas shtatida. Arkanzas universitetida (University of Arkansas) kompyuter ilmi yo‘nalishda o‘qiganman. O‘qish paytlarida Amerikada katta Big Tech kompaniyalari – Google, Amazonda ham ishlaganman, asosiy ofislarida.

Universitetdan keyin do‘stlarim bilan o‘zimizning «Humanlink» degan startap kompaniyasiga asos soldik. Bu marketpleys edi. O‘zbekistonda farzandlar ota-onasi bilan yashashadi, Amerikada unday emas. 18 yoshdan keyin mustaqil chiqib ketadi, ota-onasi esa yolg‘iz qoladi. Shularga qaraydigan odam topib beradigan onlayn marketpleys edi. Unchalik yaxshi yurmadi, 1,5-2 yildan keyin yopdik.

200 mln dollarga sotilgan startap tarixi

2016 yillar edi. Bir o‘rtog‘im «CaseStack» degan kompaniyani yo‘lga qo‘yayotgandi, meni ham chaqirdi. Shu bilan 2 yilcha yurdik, kompaniya ichida o‘zimizning R&D (Research and Development) departamentimiz bo‘lgan, Software programmalarni ishlab ko‘rganmiz. Keyin «CaseStack»dan o‘zimiz alohida chiqib ketdik. 2018 yillarda hamma ishni noldan boshlab 15 mln dollar pul topdik, «fundrising» qildik. «SupplyPike» tarixi shundan boshlangan. Unda mening vazifam – Chief Technology Officer (CTO), bu texnik direktor. 1 oy oldin bizni SPS Commerce degan kompaniya $200 mln dollarga sotib oldi. Katta kompaniya sotib olgani bilan o‘zimiz alohida ishlayapmiz.

«Kompaniyaning 4 asosiy odamidan biriman»

2018 yildan boshlasak, kompaniya ochilgan paytdan beri unda ishlayman, huquqiy nuqtayi nazardan asoschi emasman. Kompaniyada hozir 130 odam ishlaydi. Mutaxassislik bo‘yicha software injyeneriman (programmist), shundan boshlab bir-ikkita mahsulotlar chiqardik. Keyin kompaniyada 40-50 kishi bo‘lganida strategik masalalar bo‘yicha bosh direktor bo‘lganman. Qo‘limda 10-15 nafar odam ishlardi. 3 yil oldin texnik bo‘limning asosiy direktori bo‘ldim – qo‘limda 40 tacha mutaxassis ishlaydi. O‘zi 4 ta asosiy odam bor – asoschi (SEO), texnik direktor, moliyaviy direktor, va COO.

Startap qanday ishlagan?

Amerikada ta’minot zanjirlari (supply chain) deb ataluvchi juda katta supermarketlar va riteylerlar (chakana sotuvchilar) bor. Yechilishi lozim bo‘lgan muammo shundaki, Walmart, Amazon kabi yirik kompaniyalarda turli qoidalar bo‘lib, ularga mahsulot yetkazib beruvchi ta’minotchilar bor. Deylik, bu katta kompaniyalarning omborlarida ma’lum miqdorda tovarlar qolib ketadi. Ular omborlarda qolib ketgan tovarlarni o‘z vaqtida yetkazib berishni xohlashadi. Mahsulotlar omborlardan do‘konga yetkazib berilganda kattaroq muammo yuzaga kelishi mumkin, supermarket ishlab chiqaruvchiga buning uchun pul to‘lamaydi yoki jarima to‘lovi berishi mumkin.

Amerikada startaplar katta pulga baholanishi haqida

Asoschimizning yaxshi ish tajribasi bor edi, bankirlar, investorlar bilan gaplashishni bilardi. Biz tarafdan shu yaxshi bo‘ldi, biz kapitalimizni 40 mln dollarga oshirganimizda uning tajribasi katta rol o‘ynadi.

Ikkinchi omil, bizda pul bo‘lgandan keyin yaxshi jamoa yig‘ishga sharoit yuzaga keldi. Hozirgacha eng yaxshi qilgan ishimiz – boshidanoq yaxshi jamoa tuza oldik. Startap bo‘lsa ham, intervyu jarayonimiz qiyin edi, uncha ko‘p odam ishga kira olmagan. Boshidan boshlagan odamlar hali ham shu yerda.

Yana bir omil. Qanaqa mahsulot va qanaqa sotuv qilish masalasi. Biz mijozlar bilan va jamoa o‘zimiz har kuni gaplashib turdik. Kamida 5-6 marta.

Loyihani rejalashtirayotgan vaqtda birorta ham kod yozmasdan oldin «qani bu qanday qilib yangi mijozlarni olib kela oladi, yoki mavjud mijozlarni qanday saqlab qola oladi» degan fikr bo‘lardi.

Amerikada investitsiya olmay ishlash qiyinroq, biz 40 mln dollar invectitsiya oldik. Lekin bunda kompaniyaning 85-90 foiz ulushi investorlarda bo‘lib qoldi, biroq agar u investitsiyalar bo‘lmasa, kompaniya bu darajaga kelmasdi.

Asosiy mijozlarimiz — ishlab chiqaruvchi kompaniyalar, biz ularga buxgalteriya va accounting xizmatlarini ko‘rsatganimiz uchun pul to‘laydi. Bu ishlab chiqaruvchilar Amazon va Walmart kabi yirik kompaniyalarda mahsulotlarini sotadi. Amazonda bizning mijozlarimizning qancha mahsuloti qolyapti, qaysi omborlarida tovarlar qolib ketyapti degan narsani hisoblab chiqamiz.

500dan ortiq mijozlarimiz bor, hozircha faqat Amerikadagi ishlab chiqaruvchilar bilan ishlaymiz, chunki programmamiz Amerikadagi supermarketlar qoidalarini tushuntiradi.

«Yillik daromadimizga nisbatan 10 barobar qimmatroqqa sotildik»

Keyingi yillarda Yevropaga chiqish niyatimiz bor, ularning muammolari qanday ekanini avvalo o‘rganib, keyin yangi bozorlarga chiqishni rejalashtirganmiz. Har qanday yangi bozorga chiqishdan oldin avval o‘rganamiz, faqat bitta dasturiy yechim ishlab chiqamiz. Hammasiga mos keladigan dasturiy ta’minot bo‘ladi, har bir mijoz uchun alohida ishlab chiqilmaydi.

Ta’minot zanjiri (Supply chain) degan narsa juda qiyin, uni hamma ham qila olmaydi. Biz faqat bitta narsani qilyapmiz, shuning o‘zi 10 mlrd dollarlik bozordagi talabni qondiradi. Umuman ta’minot zanjirining o‘zi 5-6 trln dollarlik bozor.

Biz yillik daromadimizga nisbatan 10 barobar qimmatroqqa sotildik, joriy yil iyundagi hisob-kitoblarga ko‘ra, yillik daromadimiz 20 mln dollarga yetgan. Nega bizga bunday baho berildi? Chunki har yilgi daromadimiz 2 barobarga o‘syapti. Hozir 20 mln dollar bo‘lgan bo‘lsa, o‘tgan yil 10 mln dollar, undan oldingi yil esa 5 mln dollar bo‘lgan.

«Dunyoni o‘zgartirish shart emas»

Odamlar hamma tushunadigan biznes qilishni xohlashadi, masalan, yetkazib berish, Yandeks kabi startaplar odamlarga ko‘proq qiziq deb o‘ylashadi. Men ham 10 yil oldin shunday deb hisoblardim. Odamlar bilan gaplashishni boshlasangiz, bunday emasligini anglab yetasiz. Har xil sferalarda, turli yo‘nalishlarda yangilik qilish mumkin. Hozir ko‘p odamlarga aytyapman: dunyoni o‘zgartirish shart emas. O‘zimiz yashaydigan atrofda ham muammolar ko‘p, deb qarab boshlasangiz, ko‘p narsani o‘zgartirsa bo‘ladi. Biz tushunmaydigan sohalar bor, yo‘q yerdan startap topib, yangi ishlar boshlasa bo‘ladi.

Hozircha shu kompaniyada qolaman, kamida 1-2 yil ishlab berishim kerak. Undan keyin o‘ylab ko‘ramiz. Lekin «SupplyPike»ni sotib olganlar juda yaxshi kompaniya, faoliyatimiz juda o‘xshash. Bir-ikki yil integratsiya bo‘ladi. Menda rejalar ko‘p: sun’iy intellektga qiziqishim katta. Keyingi startap shu atrofida bo‘lishi mumkin.

Madina Ochilova suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: