Fransiyaning Shamon tog‘ kurortida Mer-de-Glyas muzligiga yangi dor yo‘li qurishga to‘g‘ri keladi: 90 yil oldin eski dor yo‘lidagi vagonlar sayyohlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzga olib borardi, hozir esa muzlik shu qadar qisqarganki, eski bekatdan bir necha o‘nlab metr pastga yurish kerak.
Fransiyaning eng katta muzligi yo‘qolib borayotgani sababli, uni ko‘rishga ulgurib qolish uchun hududga sayyohlar oqib kelmoqda.
“Muz bloklarini ko‘rmoqchi bo‘ldik: yil oxirigacha ular joyida bo‘lmasa-chi. Shuning uchun kelishga qaror qildik. Bilamiz, bir necha yildan so‘ng manzara avvalgidek bo‘lmaydi”, — deydi sayyohlardan biri.
“Muz dengizi” deb tarjima qilinadigan Mer-de-Glyas hanuz Fransiyadagi eng katta muzlik hisoblanadi, Alp tog‘larida esa ikkinchi o‘rinda turadi. O‘tgan asrda u uchdan bir qismga kamaydi, bu asr boshidan beri erish darajasi keskin tezlashdi.
“Uch-to‘rt yil avval muzlik shu holatga yetib keldi. O‘shandan beri u tor va ingichkalashgan. Muzlik to‘rt-besh yil ichida 40 metrni yo‘qotdi”, — deydi muzshunos Lyuk Moro.
Olimlarning fikricha, agar iqlim o‘zgarishi hozirgi sur’atda davom etsa, Mer-de-Glyas asr oxiriga kelib butunlay yo‘q bo‘lib ketishi mumkin.
Avvalroq olimlar Antarktidaning 75 mil kenglikdagi Tueyts muzligi shu asrda erib bitishi haqidagi gumonlarni rad etgandi.