28 avgust kuni birja savdolari ochilganidan keyin Uorren Baffetning Berkshire Hathaway investitsiya fondi aksiyalari 1,2 foizga qimmatlashdi. Shunday qilib, kompaniyaning kapitallashuvi o‘z tarixida birinchi marta 1 trillion dollardan oshdi.
Berkshire Hathaway qiymati ushbu ko‘rsatkichdan oshgan yettinchi AQSh kompaniyasi va texnologiya sektoridan tashqarida birinchi bo‘ldi.
Kapitallashuvi 1 trilliondan oshgan AQSh kompaniyalari orasida Apple, Nvidia, Microsoft, Alphabet, Amazon va Meta ham bor. Dunyoda ushbu «klub» tarkibiga kiruvchi yana bitta kompaniya Saudiya Arabistoniga tegishli – Saudi Aramco neft va gaz kompaniyasi.
Berkshire Hathaway aksiyalari qiymati yil boshidan buyon 28 foizga oshdi. Kompaniya Apple korporatsiyasiga kiritgan investitsiyalari bilan tanilgan bo‘lsa-da, uning portfelida ko‘proq texnologik bo‘lmagan aksiyalar (Coca-Cola, American Express, Wells Fargo va boshqa ko‘plab kichik kompaniyalar) ko‘proq. So‘nggi paytlarda investitsiya fondi o‘zining Apple aksiyalarini sotish va AQSh qisqa muddatli davlat obligatsiyalarini sotib olishda ancha faol bo‘ldi.