Bahodir Jalolov va Hasanboy Do‘smatovga muddatidan oldin podpolkovnik unvonlari berildi

Sport 22:44 / 28.08.2024 25641

Milliy gvardiya qo‘mondoni general-mayor Rustam Jo‘rayev «Parij-2024» Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari kapitan Bahodir Jalolov va kapitan Hasanboy Do‘smatovga muddatidan oldin podpolkovnik harbiy unvonlarini topshirdi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar berdi.

Tantanali tadbir davomida Milliy gvardiya qo‘mondoni buyrug‘i bilan «Parij-2024» XXXIII yozgi Olimpiada o‘yinlarida munosib ishtirok etgan Milliy gvardiya harbiy xizmatchi va xodimlari, ularning murabbiylari hamda g‘oliblarning ota-onalari rag‘batlantirildi.

Jumladan, Milliy gvardiyaning «A’lo xizmatlari uchun» ko‘krak nishoni va esdalik qimmatbaho sovg‘asi bilan, Milliy gvardiyaning Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi harbiy xizmatchisi kapitan Bahodir Jalolov hamda Milliy gvardiyaning Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi harbiy xizmatchisi kapitan Xasanboy Do‘smatov taqdirlandi. Shuningdek, har ikki bokschining onalari Milliy gvardiya esdalik qo‘l soati bilan taqdirlandi.

Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi To‘lqin Qilichev, O‘zbekiston terma jamoasi katta murabbiyi Rahmatjon Ro‘zioxunov hamda boks bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi bosh murabbiyi, Milliy gvardiya Ixtisoslashtirilgan o‘quv markazi katta o‘qituvchisi podpolkovnik Elshod Rasulov «Milliy gvardiya fidoyi xodimi» ko‘krak nishoniga munosib ko‘rildi.

Bundan tashqari, Milliy gvardiya shaxsiy tarkibi orasida o‘zlarining sadoqati, jasorati va mardligi bilan o‘rnak bo‘lib, ustoz-shogird an’analariga muvofiq harbiy xizmatchilar va yoshlar orasida sportni targ‘ib qilishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun, kapitan Bahodir Jalolov va kapitan Xasanboy Do‘smatovga Qurolli Kuchlar Oliy bosh qo‘mondonining ruxsati bilan navbatdan tashqari podpolkovnik harbiy unvoni muddatidan oldin berildi.

Ko‘proq yangiliklar: