PDD Holdings kompaniyasi asoschisi va sobiq raisi, avgust boshida Xitoyning eng badavlat insoni deya e’lon qilingan Kolin Xuan bir kunda 14 milliard dollar yo‘qotdi, deb xabar beradi Forbes. Kompaniya aksiyalari ikkinchi chorakdagi daromadlar rejadagidan kam chiqqani bois qariyb 30 foizga tushib ketgan.
PDD’ning asosiy aksiyadori bo‘lgan Xuanga tegishli aktivlarning sof qiymati 26 avgust kuni 35,3 milliard dollarga qadar tushib ketdi (-28 foiz). Ayni vaqtda u Forbes milliarderlar ro‘yxatida 50 o‘rinni, Xitoyning eng badavlat insonlari reytingida esa 4 pog‘onani egallamoqda — undan oldingi qatorlarda Chjun Shanshan (49,9 milliard dollar), Chjan Imin (43,4 milliard dollar) va Ma Xuateng (40,7 milliard dollar) turibdi.
PDD aksiyalari 26 avgust kuni Sharqiy Yevropa vaqti bilan soat 12:00 dan keyin 97,35 dollardan sotilgan, bu uning qiymati 30 foizdan ortiqqa tushib ketganini bildiradi.
PDD aksiyalari oxirgi bir yilda qariyb 22 foizga qimmatlashgan Temu onlayn maydonchasiga egalik qiladi. Aksiyalar narxining tushib ketishiga kompaniya ikkinchi chorakda daromad va foyda prognozlarini bajara olmaganini ma’lum qilganidan keyin ro‘y bergan.
PDD Holdings 30 iyun kuni yakunlangan moliyaviy chorak davomida aksiyalari 3,2 dollardan sotilganini e’lon qildi — bu tahlilchilar kutgan 14,1 milliard dollarlik daromaddan kamroq (13,64 milliard dollar).
PDD — Xitoyda kutilmalari o‘zi oqlamagan yagona onlayn maydoncha emas. Mamlakatda ishsizlikning ortishi va uy xo‘jaliklari daromadining kamayishi fonida iqtisodiy qulash kuzatilmoqda. Tovarlarni katta chegirmalar asosida sotuvchi Alibaba’ning ham sof daromadi iyun oyida 28,77 foizga tushib ketgan.
Kolin Xuan keyinchalik PDD Holdings’ga aylangan Pinduoduo kompaniyasiga 2015 yilda asos solgan. Uning sof qiymati 2019 yilda 13,5 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yilda 55,3 milliard dollarga yetgan.