“Sharq taronalari” festivali doirasida ilmiy anjuman o‘tkaziladi

O‘zbekiston 10:10 / 27.08.2024 1449

27-28 avgust kunlari Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek Milliy musiqa san’ati institutida “Sharq xalqlari musiqa madaniyati: globallashuv jarayonlarida ijodiy uyg‘unlashuv tamoyillari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkaziladi.

“Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivali doirasida tashkil qilinayotgan mazkur anjumanda 32 xorijiy davlatdan 46 nafar musiqashunos, folklorshunos va madaniyatshunos olimlar, shuningdek, nufuzli oliy ta’lim muassasalari rektorlari va ilmiy-ijodiy markazlar rahbarlari qatnashadi.

Anjumanda ilmiy yangilik sifatida tasniflanayotgan “Maqom kapsulasi” taqdimoti bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, maqomning ijro vaqti hamda uning inson ruhiyatiga ijobiy ta’siri to‘g‘risidagi ma’lumotlar jamlangan “Qo‘llash bo‘yicha yo‘riqnoma” ham taqdim etiladi.

Konferensiya mobaynida TURKSOY qoshidagi “Turkiy davlatlar san’at universitetlari ittifoqi” rezolyutsiyasi qabul qilinishi va turli davlatlar oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik memorandumlari, Xitoy, Fransiya, Rossiya, Germaniya, Gambiya, Ummon va Iordaniya davlatlaridagi oliy o‘quv yurtlari, xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari bilan jami 12 ta o‘zaro hamkorlik shartnomalari imzolanishi rejalashtirilgan.

Ushbu hamkorliklar qo‘shma ijodiy loyihalar, xalqaro festivallar va darslar o‘tkazish, ilmiy tadqiqotlar va nazariy ma’ruzalar o‘qish kabi sohalarni qamrab oladi.

Sessiyalarda milliy musiqa san’atini turkiy davlatlar musiqa madaniyati bilan uyg‘unlashtirish, innovatsion ta’lim texnologiyalarini keng joriy etish kabi masalalarning ham muhokama qilinishi ta’kidlangan.

Ko‘proq yangiliklar: