Rossiya Ukraina bo‘ylab yangi zarbalar yo‘lladi

Jahon 15:23 / 27.08.2024 17394

Rossiya qo‘shini 27 avgustga o‘tar kechasi Ukraina bo‘ylab navbatdagi yopirilma zarbalarni yo‘lladi. Kiyevda tunda uchta portlash ovozi eshitilgan, deb xabar beradi Reuters guvohlarga tayanib. Kiyev rasmiylari xabar qilishicha, rossiyalik harbiylar zarbdor dronlar, ballistik, qanotli va aeroballistik raketalarni qo‘llagan holda Ukraina bo‘ylab kombinatsiyalashgan hujum uyushtirgan.

Kiyev shahri harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Popkoga ko‘ra, Kiyevda tun davomida to‘rt bor havo trevogasi e’lon qilingan: dastlab dronlar hujumi tufayli, keyin — Ukraina regionlari yo‘nalishida «Kinjal» raketalarini uchiruvchi MiG-31K qiruvchi samolyoti havoga ko‘tarilganida. Ertalabki soat besh atrofida Tu-95MS strategik bombardimonchisi Kiyev tomon X-101 qanotli raketalarini uchirgan. «Havo zarbasi, kecha bo‘lgani kabi, yana uchuvchi o‘q-dorilar hujumi to‘lqini bilan yakunlandi», — degan Popko. Uning so‘zlariga ko‘ra, havo hujumidan mudofaa kuchlari 15 ga yaqin zarbdor dronlar va bir necha raketani urib tushirgan. «Ukraina poytaxtiga uchgan narsalarning barchasi — yo‘q qilindi», — deya tasdiqlagan u. Popko Dniprovsk va Desnyanskiy rayonlaridagi daraxtzor hududga parchalar tushgani, yong‘in kelib chiqqanini qo‘shimcha qilgan.

Kriviy Rihda rossiyaliklarning «Avrora» mehmonxonasiga yo‘llangan raketa zarbasi oqibatida ikki kishi halok bo‘lib, besh kishi jarohatlangan, deb xabar bergan Dnipropetrovsk oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Lisak. To‘rt qavatli bino qisman vayron bo‘lgan. Ukraina favqulodda vaziyatlar davlat xizmati xodimlari xarobalar ostidan besh kishini chiqarib olishgan. Ulardan ikki nafari — 43 yoshli ayol va 37 yoshli erkak — og‘ir va o‘rta darajadagi ahvolda shifoxonaga yotqizilgan. Xarobalar ostida yana ikki kishi qolayotgan bo‘lishi mumkin. Ukraina rasmiylariga ko‘ra, mehmonxonadan tashqari, atrofdagi oltita do‘kon, to‘rtta ko‘p qavatli uy va sakkizta avtomobil ham shikastlangan.

Rossiyaning RIA Novosti agentligi «rossiyaparast qarshilik harakati» ma’lumotiga asoslanib, Ukraina qurolli kuchlarining xorijlik instruktorlari joylashtirilgan mehmonxona zarbaga uchragani, go‘yoki u yerdan ingliz tilida so‘zlashuvchi 15 nafar jabrlanuvchi olib chiqilgani haqida xabar tarqatgan.

Zaporijjya oblastining Ukraina tomonidan tayinlangan qonuniy rahbari Ivan Fedorov tunda rossiyaliklarning dronlar hujumi vaqtida mahalliy aholi vakillaridan uch kishi halok bo‘lib, besh kishi yaralanganini ma’lum qilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, uchuvchisiz uchar qurilmalar Zaporijjya shahri va Zaporijjya rayoniga jami yetti bor zarba bergan. Portlash to‘lqini va dronlar parchalari tushishi oqibatida xususiy turar joy binolari shikastlanib, yong‘in ro‘y bergan. Ukraina IIV ma’lumotiga ko‘ra, hujum oqibatida uy, infratuzilma obekti, transport vositalari va garajlar shikastlangan. Vazirlikdagilar aytishicha, ikki kishi halok bo‘lib, to‘rt kishi yaralangan.

Xarkiv oblastida 26 avgust kuni kechqurun Izyum rayonidagi Andriyivka qishlog‘ida infratuzilma obekti raketa zarbasiga yo‘liqqan, deb xabar beradi Xarkiv oblasti ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shini soat 23:43 da «Iskander» tizimi orqali zarba bergan. Bir bino va uchta avtomobil shikastlangan. To‘rt kishi jarohatlangan.

Xmelnitskaya oblastida rossiyaliklar hujumi oqibatida ikkita xususiy uy yonib ketgan, bir kishi jarohatlangan, deb xabar beradi oblast harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Tyurin.

Kiyev oblastida havo hujumidan mudofaa kuchlari rossiyaliklar hujumini qaytargan. Ma’muriyat ma’lumotiga ko‘ra, turar joy va muhim infratuzilma obektlariga zarba berilishi holati qayd etilmagan, parchalar tushishi oqibatida maysazorda yong‘in chiqqan.

Xerson oblastida rossiyalik harbiylar 27 avgust kuni ertalabki soat 7 atrofida Novoaleksandrovkaga hujum qilgan. Berislav rayonidagi mazkur qishloq artilleriyadan o‘qqa tutilgan, shuningdek unga dronlar hujum qilgan. 69 yoshli erkak va 72 yoshli ayol jarohatlangan, ular o‘rta og‘irlikdagi jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan, deb xabar beradi Xerson oblasti ma’muriyati.

Ukraina qurolli kuchlari Havo kuchlari qo‘mondoni Mikola Oleshchuk rossiyalik harbiylar 27 avgustga o‘tar kechasi Ukraina bo‘ylab turlicha raketalar hamda dronlar bilan hujum uyushtirgani haqida ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, MiG-31K samolyotlari X-47M2 «Kinjal» rusumli uchta raketa, Tu-22M3 bombardimonchisi — X-101 rusumli beshta qanotli raketa uchirgan. Bundan tashqari, «Iskander-M» kompleksidan ballistik raketa, «Iskander-K»dan — qanotli raketa uchirilgan. Bundan tashqari, Rossiya qo‘shini 81 ta «Shaheed» zarbdor dronlaridan foydalangan. Soat 9:00 holatiga, havo hujumidan mudofaa kuchlari beshta X-101 raketasi hamda 60 ta zarbdor dronni urib tushirgan. Bundan tashqari, o‘nlab dronlar «manzilidan adashgan», ular  Ukraina hududlarida qulab tushgan, bir dron Belarus bilan chegarani kesib o‘tgan, yana o‘nga yaqini Ukraina havo kengligida qolgan. Oleshchuk havo hujumidan mudofaa kuchlari 15 oblastda dronlar hujumini bartaraf etganini qo‘shimcha qilgan: bular Kiyev, Xmelnitskiy, Rivne, Vinnitsa, Cherkass, Xerson, Mikolayiv, Zaporijjya, Xarkiv, Dnipropetrovsk, Poltava, Jitomir, Sumi, Chernihiv va Kirovograd.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy rossiyaliklarning 27 avgustga o‘tar kechasi amalga oshirgan hujumi oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lib, 16 kishi yaralanganini aytgan. Regionlarda zarba kelib tushgan yoki parchalar qulagan joylarda qutqaruv amaliyotlari olib borilmoqda, degan u. «Bu va barcha zarbalari uchun albatta Rossiyaga javob qaytaramiz. Insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etib, jazosiz qolib bo‘lmaydi», — deya qayd etgan Zelenskiy.

Odessada rossiyaliklar zarbasi oqibatida yetti kishi, jumladan uch bola ham yaralandi
Oleksandr Gimanov / AFP / Scanpix / LETA

Rossiya qo‘shini bir kun oldin, 26 avgustda, 127 raketa va 109 drondan foydalangan holda Ukraina bo‘ylab urush boshidan buyon kuzatilgan eng yirik hujumni amalga oshirdi. «Ekonomicheskaya pravda»ga ko‘ra, 26 avgust kungi havo hujumi Rossiyaga 1,26 milliard dollarga tushgan. Hujumlar oqibatida butun Ukraina bo‘ylab yetti kishi halok bo‘lgan va 47 kishi yaralangan, deb xabar bergan favqulodda xizmatlar. Jabrlanganlar orasida 2014, 2017 va 2024 yillarda tug‘ilgan bolalar ham bor.

Ko‘proq yangiliklar: