Putinning “qadrdon do‘sti” Kiyevda. Modi va Zelenskiy uchrashuvi qanday o‘tdi?

Jahon 22:15 / 27.08.2024 8798

Hindiston bosh vaziri mustaqil Ukraina tarixida ilk marta ushbu mamlakatga tashrif buyurdi. Kun.uz bu tashrif va Dehlining Ukrainadagi urush bilan bog‘liq geosiyosiy jarayonlarga munosabati haqidagi savollar bilan siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktorlari Muxtor Nazirov va Jahongir Akramovga murojaat qildi.

Muxtor Nazirov suhbat avvalida Ukraina tomonidan iyun oyida o‘tkazilgan tinchlik sammitini yodga oldi. Sammit yakunida qo‘shma kommyunike qabul qilinishi bilan, rasmiy Kiyev tinchlik o‘rnatish va muammoni hal etish borasidagi o‘z nuqtayi nazarini uni qo‘llovchi davlatlarga tasdiqlatib olgandi. Sammitda Hindiston ham ishtirok etgan bo‘lsa-da, kommyunikeni imzolamagan edi – Dehli bu jarayonga ikkinchi tomon, ya’ni Rossiya ham jalb etilishi kerakligini bildirgandi. Shundan keyin iyul oyida Narendra Modi Moskvada bo‘ldi. U Kiyevga tashrifi davomida Vladimir Putinning urush borasidagi pozitsiyasini Volodimir Zelenskiyga yetkazgan.

“Tashrifning urush bilan bog‘liq jihatlari ko‘p bo‘lsa ham, buni Hindistonning o‘z manfaatlari kontekstida ko‘rish kerak. Bu – Hindistonning jahonda shakllanib kelayotgan mavqeyi, iqtisodiy-siyosiy manfaatlari, Xitoy bilan geosiyosiy raqobati bilan bog‘liq”, – deydi Nazirov.

Jahongir Akramovning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi o‘n yilliklarda Hindistonning jahondagi nufuzi ko‘tarilib boryapti. Mamlakat YaIM ko‘rsatkichi bo‘yicha dunyoda 5-o‘rinda turadi, o‘tgan yili Buyuk Britaniyani quvib o‘tdi. Narendra Modi Hindistonning iqtisodiy imkoniyatlari siyosiy va harbiy nufuzida ham o‘z aksini topishiga harakat qilmoqda. Uning yaqinda bo‘lib o‘tgan saylovdagi va’dalaridan biri – Hindistonni dunyodagi uchinchi raqamli iqtisodiyotga aylantirish.

“Ukrainaga tashrifni, birinchi o‘rinda, Hindistonning strategik mustaqil davlat ekanini ko‘rsatish uchun qilingan o‘ziga xos diplomatik qadam deb baholash mumkin. Modi o‘tgan oy Moskvaga tashrifi vaqtida Putinni “qadrdon do‘stim” deb atagandi, bu esa G‘arb va ukrain matbuotida jiddiy tanqid qilingandi. Zelenskiy “dunyoning eng katta demokratiyasi yetakchisi xalqaro qidiruvdagi shaxs bilan quchoqlashib turibdi” degan ma’noda post yozgandi. Modi hukumati to‘g‘ri qaror qabul qildi deyish mumkin: Ukrainaga ham borish orqali, mamlakatning strategik mustaqilligini ko‘rsatish bilan birga, Hindistonning tinchlik tarafdori sifatidagi imijini kuchaytirish ham maqsad qilingan.

Uchinchidan, Hindiston bu borada Xitoy bilan o‘ziga yarasha diplomatik ustunlikka erishmoqchi. Chunki Xitoy raisi o‘tgan yili Moskvaga tashrif buyurganidan keyin, Hindiston bosh vazirining ham Moskvaga, ham Kiyevga borishi bu uning diplomatik ustunligi sifatida qabul qilinishi mumkin.

Yana bir omil – ichki omil. Hindistonda bir necha yil davom etib, shu yil iyun oyida yakunlangan saylovlarda Modining “Bharata Janata” partiyasi nisbatan kamroq – 44 foiz ovoz olib, koalitsiya kuchlari yordami bilangina hokimiyatini saqlab qola oldi. Uning asosiy raqibi bo‘lmish “Hindiston milliy kongressi”ning nufuzi ancha oshdi, bu partiya demokratik qadriyatlarga sodiqligini urg‘ulaydi. Narendra Modi esa xalqaro maydondagi tashabbuslar orqali mamlakat ichkarisidagi reytingini ko‘tarishni ham maqsad qilgan, deyishimiz mumkin”, – deydi Akramov.

Suhbat davomida ekspertlar Kiyevdagi muzokaralardan keyin jiddiy yangilik deb qarash mumkin bo‘lgan bayonotlar yangramaganini ta’kidlab, ushbu kontekstda Hindistonning G‘arb bilan munosabatlari, bu urush ortidan Hindiston va Rossiya o‘rtasidagi savdo hajmi keskin oshgani, RF borgan sari Xitoyning iqtisodiy ta’siri ostida qolayotgani Dehlining manfaatlariga xizmat qilmasligi va boshqa jihatlar haqida so‘z yuritdi. Suhbat bilan to‘liq holda video orqali tanishishingiz mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: