Politico: Makron Telegram’dan faol foydalanib keladi

Jahon 19:16 / 27.08.2024 2720

Fransiya siyosiy elitasi, jumladan, prezident Emmanuel Makron Telegram asoschisi Pavel Durovga nisbatan ilgari surilayotgan e’tirozlarga qaramay, messenjerdan faol foydalanib keladi, deb xabar bermoqda Politico.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Makron Telegram’dan 2017 yili birinchi marta prezidentlik muddatiga saylanganiden beri foydalanib kelmoqda. Uning 30 mingdan ortiq obunachiga ega ochiq kanali ham bor.

Prezidentlik kampaniyasi vaqtida fransuz maxsus xizmatlari xodimlari Makron jamoasini Telegram’dan foydalanishda ehtiyot bo‘lishga chaqirgan. «Ular bizni kuzatishlari, akkauntlarimiz buzib kirilishi mumkinligi va Rossiya ilovasi bo‘lgan Telegram’dan ehtiyotkorlik bilan foydalanishimiz lozimligini aytgan», — deydi Makronning yordamchisi.

Makron partiyasining Telegram’da yopiq kanali ham bo‘lib, u yerda matbuot uchun bayonotlar muhokama qilinadi. Fransiya ichki ishlar vazirining ham xuddi shunaqa kanali bor.

Hukumatning boshqa messenjerlarga o‘tish borasidagi chaqiriqlariga qaramay, Fransiyalik amaldor va siyosatchilar Telegram, WhatsApp va Signal’dan faol foydalanib kelmoqda.

Ikki kun avval Parijda ushlangan Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durov kiberjinoyatchilikka oid tergov doirasida hibsga olingani haqida Fransiya poytaxti prokuraturasi 26 avgust, dushanba kuni kechqurun ma’lum qildi. Idora ma’lumotlariga ko‘ra, u, xususan, uyushgan guruhlarning jinoiy faoliyatiga ko‘maklashish, ma’lumotlarni rasmiylarga topshirishdan bosh tortish hamda bolalar pornografiyasi, giyohvand moddalar savdosi, firibgarlik va jinoiy daromadlarni legallashtirish bilan bog‘liq jinoyatlarga sheriklikda gumon qilinmoqda. 

O‘z navbatida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Telegram asoschisi Pavel Durovning hibsga olinishi haqida bayonot berib, bu siyosiy qaror emasligini, balki tergov bilan bog‘liqligini aytdi.

Ko‘proq yangiliklar: