TTJga onlayn ariza berish
1 avgustdan o‘quv yili oxirigacha talabalar turar joyiga ehtiyoji borlarga onlayn ariza berish imkoni berilgan. Buning uchun talaba avvalo my.gov.uz saytida ro‘yxatdan o‘tib, shaxsiy kabinet yaratishi kerak. Keyin saytdagi ta’lim bo‘limini tanlaydi. U yerdan talabalar turar joyiga joylashish uchun ariza yuborish degan bo‘limga o‘tadi. Bo‘limda kerakli ma’lumotlarni to‘ldirib, ariza jo‘natadi.
Keyingi bosqichda “jarayonda” degan yozuv chiqib turadi. Bu yozuv qancha muddat ekani ma’lum emas. Chunki ariza topshiruvchilar sonini oldindan aytishning imkoni yo‘q. Qolaversa, tartib bo‘yicha, dastlab imtiyozga ega talabalarga yotoqxona beriladi.
Yotoqxona uchun shartnoma qanday olinadi?
Ariza ko‘rib chiqilgach, “arizangiz qabul qilindi” degan yozuv chiqadi. Va avtomatik ravishda yotoqxona uchun shartnoma shakllantiriladi. Xuddi shu paytda talaba QR-kodli yo‘llanma ham chiqadi. Talaba shu kod orqali TTJga joylashadi. Unda talabaga nechanchi yotoqxonadan joy berilishi ko‘rsatiladi. Shuningdek, shartnomada TTJ bo‘yicha mas’ullar telefon raqamlari bor. Talaba shu raqam bilan bog‘lanib, qo‘shimcha ma’lumot olishi mumkin. Yotoqxona xonasi esa talaba borganidan keyin aniq bo‘ladi.
Ariza berganlar qachon yotoqxonaga joylashishi mumkin?
Bu haqida har bir OTM o‘z imkoniyatidan kelib chiqib e’lon beradi. Masalan, O‘zbekiston Milliy universiteti ma’muriyati shartnoma olib, to‘lov qilgan talabalarning 4-14 sentabr oralig‘ida TTJga kelishini so‘rayapti. Boshqa OTMlarda vaziyat biroz farq qilishi mumkin. Shuning uchun yotoqxonaga joylashmoqchi bo‘lgan talabalar oliygohning rasmiy ijtimoiy sahifalarini doimiy kuzatib turishlari tavsiya etiladi. Yoki shartnomada ko‘rsatilgan telefon raqamga qo‘ng‘iroq qilib, joylashish sanalarini aniqlashtirib olsa ham bo‘ladi.
Yotoqxona taqsimotida kimlarga imtiyoz beriladi?
Vazirlar Mahkamasining 376-son qarori bilan tasdiqlangan reglamentga ko‘ra, quyidagilar yotoqxona olishda imtiyozga ega:
- “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalar;
- “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”, “temir daftar” va “ayollar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari hamda “yoshlar daftari”da turadigan talabalar;
- I va II guruh nogironligi bo‘lgan talabalar;
- bir oiladan bakalavriat bosqichi kunduzgi ta’lim shaklida ikki yoki undan ortiq to‘lov-shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalar farzandlari;
- xalqaro fan olimpiadalari, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan respublika fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalar;
- “Yil talabasi” va “Talabalar teatr studiyalari” ko‘rik-tanlovlarining respublika bosqichi g‘olibi bo‘lgan talabalar;
- oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yinining respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalar;
- talabalar turar joyida talabalar kengashi raisi, qavat sardori bo‘lgan talabalar.
Kurslar bo‘yicha taqsimot qanday bo‘ladi?
Imtiyoz va ustuvorliklarga ega talabgorlar TTJga qabul qilingandan keyin umumiy ro‘yxatdagi talabalarga o‘rin quyidagicha taqsimlanadi:
1-kurs talabalari uchun 55 – 65 foiz;
2-kurs talabalari uchun 15 – 20 foiz;
3-kurs va undan yuqori kurs talabalari uchun 20 – 25 foizgacha.
Bunda kurslarga ajratilgan, biroq to‘lmay qolgan o‘rinlar avvalo quyi kurs talabalari orasida, so‘ng kurslarning ortib borishi tartibida yuqori kurs talabalari orasida qayta taqsimlanadi. OTM tomonidan TTJdagi o‘rinlar soni umumiy ro‘yxat bo‘yicha fakultetlar kesimida taqsimlanishi mumkin.
Ijara xonadonlarini topishga yordam
Har bir OTM oldida talabalarni ijara xonadonlariga joylashishga yordam beradigan shtab tashkil qilingan. Ular ijara xonadonlar bazasini shakllantirish, talabalarning guruh tyutorlari orqali ijara xonadonlariga joylashishiga yordamlashadi. Shuningdek, OTM rasmiy veb-sayti orqali yangi topilgan ijara uylari ro‘yxati va ijara uylari haqidagi ma’lumotlarni e’lon qilib boradi.
Ijara to‘lovining bir qismi to‘lab beriladi
Tegishli hujjatga ko‘ra, yotoqxona olmagan talabalarining 60 foiziga oylik ijara to‘lovining bir qismi davlat budjetidan to‘lab beriladi. Bunda bitta turar joyda ikki va undan ortiq talaba ijara huquqi asosida yashayotgan bo‘lishi kerak. Ularning barchasi ijara shartnomasida qayd etilgan bo‘lishlari shart. Talabgorlarga oylik ijara to‘lovining bir qismi ijara shartnomasining summasidan qat’i nazar to‘lab beriladi. Bu miqdor – Toshkent shahrida BHMning bir baravari, qolgan hududlarda BHMning yarim baravari deb belgilangan.
Talabalarni ijaraga qo‘ygan uy egalaridan daromad solig‘i undirilmaydi.
Zuhra Abduhalimova, jurnalist