Moskvadagi Basmanniy tuman sudi Ukrainaning Qozog‘istondagi sobiq elchisi Pavel Vrublevskiyga nisbatan sirtdan hukm chiqardi. U adovat yoki nafrat qo‘zg‘atish moddasi bo‘yicha aybdor deb topildi, deb xabar berdi 26 avgust, dushanba kuni Moskva umumiy yurisdiksiya sudlari matbuot xizmati.
Sud qarori bilan Vrublevskiy olti yilga umumiy rejimli koloniyaga hukm qilindi. «Ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni o‘tash muddati Petr Yurevich Vrublevskiy Rossiya Federatsiyasi hududiga ekstraditsiya qilingan paytdan yoki Rossiya Federatsiyasi hududida ushlangan paytdan boshlab hisoblanadi», — deyiladi xabarda.
Vrublevskiyga qarshi ish
Rossiyada Vrublevskiyga nisbatan jinoiy ish uning qozog‘istonlik bloger Dias Kuzairov bilan 2022 yil avgustida suhbatidan so‘ng ochilgan edi. O‘sha paytda Qozog‘istondagi Ukraina diplomatik missiyasini boshqargan diplomat bloger bilan suhbatda Rossiyadan himoyalanayotgan o‘z mamlakatining maqsadi imkon qadar ko‘proq ruslarni o‘ldirish ekanligini aytdi. «Biz hozir qancha ko‘p ruslarni o‘ldirsak, bolalarimiz shunchalik kam o‘ldirishga majbur bo‘ladi», dedi u.
Shundan so‘ng, Vrublevskiy Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligiga chaqirilib, u yerda unga «bunday bayonotlar qabul qilinishi mumkin emasligi va xorijiy davlat elchisi faoliyatiga mos kelmasligi» aytilgan. «Bunday harakatlar davlatlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarga putur yetkazmasligi kerak», — deya ma’lum qilgan Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligi.
Ushbu mojaro fonida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Vrublevskiyni Qozog‘istondagi elchi lavozimidan ozod qildi.