Kanada Xitoy elektromobillariga 100 foiz boj joriy qiladi

Jahon 19:13 / 27.08.2024 3250

AQSh ortidan Kanada ham Xitoyda ishlab chiqarilgan elektromobillar importiga 100 foizlik boj to‘lovi belgilanishini e’lon qildi. Bundan tashqari Xitoy po‘lati va alyuminiysiga 25 foiz boj joriy etish rejalashtirilmoqda, deb yozadi BBC.

Qaror Kanadaning Yangi Shotlandiya provinsiyasidagi Galifaks shahrida AQSh milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan, Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo va boshqa vazirlar bilan uch kunlik yopiq uchrashuvdan so‘ng qabul qilindi.

Xitoy kabi o‘yinchilar global bozorda adolatsizlik bilan ustunlikka erishish yo‘lini tanlagan, bu esa bizning muhim tarmoqlarimizni xavf ostiga qo‘yib, Kanadaning avtomobil va po‘lat ishlab chiqaruvchi sadoqatli kompaniyalarini siqib chiqarmoqda”, — dedi Tryudo.

U, shuningdek, Ottava Xitoy singari mamlakatlarning bozorga xos bo‘lmagan amaliyotlaridan butun dunyo iste’molchilarini himoya qilish uchun AQSh va boshqa ittifoqchilari bilan ishlashda davom etishini ta’kidladi.

Xitoyda ishlab chiqarilgan barcha elektromobillar va qator hibrid avtomobillarga yangi import boji 1 oktyabrdan kuchga kiradi. Po‘lat va alyuminiy uchun qo‘shimcha bojlar 15 oktyabrdan qo‘llanadi.

Bosh vazir o‘rinbosari Kristiya Friland Kanada boshqa tarmoqlar, jumladan, batareyalar, quyosh panellari, chiplar va muhim minerallar bo‘yicha potensial boj tariflarini o‘rganish uchun 30 kunlik maslahatlashuv boshlayotganini e’lon qildi.

Xitoyda ishlab chiqarilgan Tesla avtomobillariga ham 100 foiz soliq solinadi

100 foiz soliq Xitoyda ishlab chiqarilgan Tesla mashinalariga ham ta’sir qiladi. Tesla aksiyalari 26 avgust kuni 3 foizga arzonlashdi. Tesla Model 3 sedani va Model Y krossoverlarini Kanadaga Xitoydan jo‘natishini ko‘rsatuvchi ma’lumotlar bor, ammo kompaniya aniq raqamlarni oshkor qilmagan. Kanada hukumati ishlab chiqaruvchilar zavodni Xitoydan boshqa mamlakatlarga ko‘chirsa, zarar ko‘rmasligini bildirdi.

Ta’kidlash kerak, Xitoy elektromobillari hali Kanadada sezilarli bozor ulushini egallay olmagan, asosiy mahsulot Xitoyda ishlab chiqarilgan Tesla hisoblanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoydan Kanadaga import qilingan elektromobillarining qiymati 2023 yili 2,2 milliard Kanada dollariga (1,97 mlrd yevro) yetgan. 2022 yilda esa bu ko‘rsatkich 100 mln Kanada dollarini (90 mln yevro) tashkil qilgan.

Vankuver ma’lumotlarida aytilishicha, Tesla Shanxayda ishlab chiqarilgan elektromobillarni Kanadada sotishni boshlasa Xitoydan import 460 foizga oshadi. Biroq Kanada hukumatining asosiy tashvishi 2025 yilda bozorga kirishni rejalashtirayotgan BYD kabi boshqa Xitoy elektromobil kompaniyalari bilan bog‘liq.

Xitoy Kanadaning AQShdan keyin ikkinchi yirik savdo sherigi hisoblanadi.

May oyida AQSh Xitoy elektromobillari uchun import bojlarini 4 baravarga — 100 foizgacha oshirishini e’lon qildi. Undan so‘ng Yevropa Ittifoqi Xitoyda ishlab chiqarilgan elektr transport vositalariga 36,3 foizgacha bojxona to‘lovi joriy etish rejalarini ma’lum qildi.

Xitoy Kanadaning harakatlarini “proteksionizm” deb atadi

Qarorga javoban, Xitoyning Kanadadagi elchixonasi Kanadani Jahon savdo tashkiloti qoidalarini buzayotganlikda ayblab, bu harakatni “iste’molchilarga, korxonalarga, qolaversa, yashil energiyaga o‘tish orqali global iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishga zarar yetkazadigan proteksionizm va siyosiy harakat” deb atadi.

Bayonotda, shuningdek, Xitoy elektronika sanoati va boshqa tarmoqlari jadal rivojlanayotganiga subsidiyalar emas, balki balki mahsulotlarning raqobatbardoshlilik darajasi sabab bo‘layotgani ta’kidlandi.

Xitoy o‘z korxonalarining qonuniy huquqlari va manfaatlarini himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘radi”, — deb ogohlantirdi elchixona.

Sinhua agentligiga ko‘ra, shu hafta Xitoy tashqi ishlar vaziri AQSh rasmiylari bilan tarif masalasini muhokama qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: