Isroil va «Hizbulloh» zarbalar almashdi, ammo katta urushdan tiyildi. Bu G‘azoda sulhni yaqinlashtiradimi?

Jahon 13:35 / 27.08.2024 4876

«Hizbulloh»ning yakshanba kungi hujumini dunyo qariyb bir oydan buyon kutayotgandi. Guruh qo‘mondoni Fuad Shukr 31 iyul kuni o‘ldirilgach, buning uchun qasos olinishi va Isroil qattiq jazolanishiga va’da berilgandi.

Siyosatchilar, diplomatlar va ekspertlar «Hizbulloh»ning javobi qanday bo‘lishi mumkinligi va livanliklar harakati Isroilga qarshi urush ochish uchun qanchalik tayyorligi bo‘yicha taxminlarini bildirishgandi.

Guruh yakka holda harakatlanmasdan, Yaman va Iroqdagi Eron bilan bog‘liq guruhlar, shuningdek Eronning o‘zi bilan birgalikda harakatlanishi mumkinligi borasida xavotirlar yangragandi. Eron ham iyul oyi oxirida Tehronda Hamas siyosiy yetakchisi Ismoil Haniyaning o‘ldirilishiga javoban Isroildan qasos olishga ahd qilgandi.

Natijada birinchi bo‘lib Isroil zarba yo‘lladi. TsAHAL yakshanba kuni ertalab soat 5 atrofida harakatning Livandagi obektlariga zarba yo‘llab, uni Isroil hududiga zarba berishga tayyorgarlik ko‘rishda aybladi. 40 daqiqa o‘tib «Hizbulloh» Isroil shimolini o‘qqa tutdi. 200 dan ortiq raketa va dronlar uchirildi. Guruh yetakchisi Hasan Nasrulloh yakshanba kungi hujumni Shukrning o‘ldirilishiga dastlabki javob deb atab, Isroildan qasos olishning birinchi bosqichi yakunlanganini aytdi.

Isroilda ham rasmiylar raqib hujumining oldini olishga qaratilgan amaliyot muvaffaqiyatli o‘tkazilgani, «Hizbulloh» yetkazgan zarar minimal darajada ekanini bildirdi va bu ish hali yakunlanmaganidan ogohlantirdi.

Yakshanba kungi zarbalar almashuvi shuni ko‘rsatdiki, tomonlardan hech biri mintaqada katta urush boshlanishini istamaydi — kamida hozirgi bosqichda.

«Fuad Shukrning o‘limi uchun halokatli qasos olish haqidagi 25 kunlik va’dalardan keyin Hizbullohning javobi, yumshoq qilib aytganda, cheklangan darajada bo‘ldi», — deya izohlaydi Vashingtondagi Yaqin Sharq instituti eksperti Firas Maqsad.

«Hizbulloh» Isroil bilan so‘nggi bor 2006 yilda jang qilgan. O‘shanda 34 kunli harbiy harakatlarda 160 dan ortiq isroillik va 1200 dan ortiq livanlik halok bo‘lgandi. Mojaro BMT Xavfsizlik kengashi qabul qilgan rezolyutsiya bilan yakunlangandi, shu bilan birga, ikki tomon ham o‘z g‘alabasi haqida e’lon qilgandi.

Shundan buyon livanliklar guruhi hamda Isroil o‘rtasida e’lon qilinmagan status-kvo amal qiladi, mojaro chegaradagi to‘qnashuv va otishmalardan nariga o‘tmaydi.

Hamasning 2023 yil 7 oktyabrida Isroilga ilgan hujumidan keyin G‘azoda boshlangan urush vaqtida chegaradagi to‘qnashuvlar kuchaydi, ammo tomonlar oxirgi pallaga qadar o‘zaro tiyib turishga asoslangan barqaror muvozanatni saqlashga harakat qilmoqda.

Va hozir ham, ochiq keskinlashuvga qaramay, chegaradagi vaziyat nazorat ostida qolmoqda.

«Hizbulloh» urushdan manfaatdor emas. Livan og‘ir inqiroz holatida, mamlakat yana bir urushga dosh bera olmaydi, livanliklarning kun kechirish sharoitlari yomonlashuvi uchun o‘zini amalda Livandagi hokimiyat egasi deb biladigan guruh aybdor qilinadi.

Isroil ham ikki frontda urush qilishni istamagan bo‘lardi, isroilliklar avvaliga G‘azodagi urushni yakunlab olishni afzal ko‘rishadi.

«„Hizbulloh“ hamon Isroil va Hamas mojarosida ikkinchi darajali rolni o‘ynashni istamoqda, bunda guruh Hamasga yordam beriladi, ammo urushdagi asosiy o‘yinchiga aylanmaydi», — deydi Firas Maqsad.

Eskalatsiya siyosiy savdolashuvning bir qismi bo‘lishi mumkin, deydi ekspert. Eron ham, «Hizbulloh» ham Hamasga yordam berish uchun G‘azodagi sulh bo‘yicha muzokaralar ishtirokchilariga bosim qilishga urinmoqda.

Muzokaralar: yutuqqa erishish mumkinmi?

Vositachilar 10 oydirki davom etayotgan urushni to‘xtatishga urinmoqda. Foto: EPA

AQSh, Qatar va Misr Isroil va Hamasni sulh va 7 oktyabr kungi hujum vaqtida garovga olinganlarni ozod etish bo‘yicha kelishuvga majburlamoqchi. Doha va Qohirada o‘tkazilgan muzokaralarning ikki bosqichida jiddiy natijalarga erishilmadi.

Isroil ham, Falastin tomoni ham darhol kelishuvga erishish oson bo‘lmasligini bildirgan. Amerika ma’muriyati hozircha optimizm saqlab qolmoqda, ammo muzokaralar muvaffaqiyatiga ishonuvchilar juda kam.

Bir necha oy davomida Isroil urush faqat Hamas harbiy va siyosiy kuch sifatida tugatilganidan keyin yakunlanishi mumkinligini aytib keladi, Hamas esa vaqtincha emas, doimiy sulhnigina qabul qilishini bildirgan.

Isroilning G‘azo hududida, ayniqsa Misr bilan chegaradagi Filadelfiya yo‘lagida bo‘lib turishi, falastinliklarning mazkur hudud bo‘ylab erkin harakatlanishi, shuningdek almashuv doirasida Isroil qamoqxonalaridan qaytarilishi lozim bo‘lgan falastinlik mahbuslar soni va ro‘yxati borasida ham kelishmovchiliklar saqlanib qolmoqda.

Ko‘p narsa muzokaralar natijasiga bog‘liq — jumladan Eron o‘zini tiyishi va Ismoil Haniya o‘limi uchun qasos olishdan voz kechishi ham.

Eron Hamas siyosiy yetakchisi Tehronda o‘ldirilganiga javoban Isroilga javob qaytarish bilan tahdid qilgandi. 25 kun davomida islom respublikasi baribir bu ishni qilmadi, so‘nggi vaqtlarda Isroil va Hamas o‘rtasida kelishuv tuzilishi javob zarbasining oldini olishi mumkinligiga ishora qilgandi.

«Hizbulloh» yakshanba kungi bayonotida Qohiradagi muzokaralarda muvaffaqiyatga erishilgan taqdirda, Isroil bilan chegara hududini o‘qqa tutishni to‘xtatishini bildirgan.

Eron va «Hizbulloh», aftidan, urush qo‘zg‘ashdan ko‘ra, muzokaralarda Hamasga yordam berishdan manfaatdor, deb xulosa qiladi Vashingtondagi Yaqin Sharq instituti eksperti.

Dushanba kuni Tehronga Qatar bosh vaziri va TIV rahbari shayx Muhammad ibn Abdulrahman As-Soniy keldi. Uning tashrifi Eronning parda ortidagi rolini e’tirof etadi va vositachilar Qatar Eronni Hamasga bosim o‘tkazishga ko‘ndira olishiga umid qilayotganini anglatadi.

Ko‘proq yangiliklar: