Pop tumani hokimining o‘g‘li bo‘lgan “Jiydakapa baraka chorva” fermer xo‘jaligi rahbari 200 mln so‘mdan oshiq elektr tokini o‘g‘rilagani uchun qamoqqa olinib, 2,5 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi. Namangan viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati uni qamoqdan ozod etdi. Ayni shu sud shunday ishda Jinoyat kodeksining bir xil moddasi bilan ayblangan oddiy fuqaroning apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan, 2,5 yillik qamoqni aslicha qoldirdi.
Boyning bolasi jinoyat qilsa – sho‘xlik, kambag‘alning bolasi sho‘xlik qilsa – jinoyat, degan eski gap bor. Namangan viloyatida eskilarning shu gapi nechog‘lik haqiqat ekaniga dalil bo‘ladigan qiziq ishlar bo‘lmoqda.
Namangan viloyat sudining apellyatsiya instansiyasining 2024 yil 7 avgustdagi ajrimi bilan juda ko‘p miqdorda o‘g‘rilik qilgan Sultonov G‘ulom A’zamovichga nisbatan chiqarilgan sud hukmi o‘zgartirilib, u sud zalidan ozodlikka chiqarildi. “Daryo”ning yozishicha, G‘ulom Sultonov Pop tumani hokimining o‘g‘li hisoblanadi.
Sud ajrimiga ko‘ra, sudlanuvchi G‘ulom Sultonov o‘zi rahbar bo‘lgan Uychi tumanidagi “Jiydakapa baraka chorva” fermer xo‘jaligiga qarashli chorvachilik kompleksi va sutni qayta ishlash sexini elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulab, elektr energiyasini yashirin ravishda talon-toroj qilganlikda ayblangan. Zarar miqdori 200 mln 326 500 so‘mni tashkil qilgan.
Sudlanuvchi JIB Uychi tuman sudi hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandida (juda ko‘p miqdorda o‘g‘irlik qilish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan va unga nisbatan 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagan.
Namangan viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida hukm o‘zgartirilishi natijasida sudlanuvchiga tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi 3 yil muddatga ozodlikdan cheklash jazosiga o‘zgartirilgan. Mahkum sud zalidan darhol ozod etilgan. Hukmda yetkazilgan zarar qoplangani keltirilgan.
Bir hil holat – ikki xil munosabat
Namangan viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida ayni shu kabi yana bir ish ko‘rib chiqilgan. Unda tadbirkor B.A. tijorat maqsadida hisoblagichdan tashqari tabiiy gazga ulanib, davlat manfaatlariga 1 mlrd 8 mln so‘mlik tabiiy gazni o‘g‘rilik yo‘li bilan talon-toroj qilgani aytiladi.
Namangan shahar sudining hukmi bilan B.A. Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandida (juda ko‘p miqdorda o‘g‘irlik qilish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga ham 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagan.
B.A. apellyatsiya shikoyatida zarar miqdori noto‘g‘ri hisoblanganligi, aniqlangan tarmoq eski tarmoq bo‘lib, undan foydalanmaganligi, shunday bo‘lsa-da yetkazilgan moddiy zararni bartaraf qilganligini bildirib, oqlov hukmi chiqarishni so‘ragan. Ammo Namangan viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirmay, dastlabki sud hukmini o‘zgarishsiz qoldirgan.
Birinchi holatda sudlov hay’ati apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirish uchun asoslardan biri sifatida Oliy sudi Plenumining 2006 yil 3 fevraldagi “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risida”gi qarori 1-bandini keltirgan.
“Birinchi instansiya sudi tomonidan G‘ulom Sultonovga nisbatan jazo turi va miqdorini tayinlashda uning aybiga iqrorligi va qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymondaligi, muqaddam sudlanmagani, qaramog‘ida voyaga yetmagan farzandlari borligi jazoni yengillashtiruvchi holatlar deb baholanib, sudlanuvchining shaxsini va sodir etilgan jinoyatining ijtimoiy xavflilik darajasini, uning tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishini, fuqaroviy da’vogar da’vosi yo‘qligini inobatga olmasdan unga nisbatan birmuncha og‘irroq jazo tayinlangan.
Apellyatsiya instansiya sudi muhokamasida himoya tomonidan Oliy Majlis Senati a’zosi, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi boshlig‘i I.Najmiddinovning, Namangan viloyati Uychi tumani fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisining iltimosnomalari taqdim qilinib, unda G‘ulom Sultonovning qaramog‘ida 3 nafar voyaga yetmagan farzandlari borligi, fermer xo‘jaligini faol boshqarib kelayotganligi, qishloq xo‘jaligidagi ulkan tajribasi, birinchi marotaba javobgarlikka tortilayotgani, yetkazilgan zarar to‘liq qoplanganligi, qilmishidan pushaymonligini inobatga olib, yengilroq jazo tayinlash so‘ralgan”, deya keltiriladi sud ajrimida.
Ikkinchi holatda esa sudlov hay’ati apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirmaslik uchun asoslardan biri sifatida aynan Oliy sudi Plenumining 2006 yil 3 fevraldagi “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risida”gi qarori 1-bandini keltirgan.
“Birinchi instansiya sudi B.A.ga jazo tayinlashda qonun talabi va Plenum qarorlari tushuntirishlariga amal qilgan holda, uni aybiga iqrorligi va qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini, oilada yagona boquvchiligini, qaramog‘ida ikki nafar farzandlari borligini, jinoyat natijasida yetkazilgan zarar to‘liq qoplanganligini jazoni yengillashtiruvchi holatlar deb, qilmishda jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar yo‘q deb hisoblab, uni jazosini yengillashtiruvchi holatlarni sodir etgan jinoyatining ijtimoiy xavfliligini jiddiy kamaytiruvchi holatlar deb baholab, Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan holda qonun sanksiyasida nazarda tutilgan jazodan birmuncha yengil jazo tayinlagan”, deyiladi ajrimda.
Birinchi holatda sudlov hay’ati qo‘llagan huquqiy asoslar negadir ikkinchi holatda aksiga “ishlagan”.
Vaholanki, Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismining “a” bandida nazarda tutilgan jinoyat uchun 8 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Ma’lumot uchun, A’zamjon Sultonov 2017 yil oktyabr oyidan buyon Pop tumani hokimi lavozimida ishlab kelmoqda. Bungacha u viloyat o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan.