Durov ushlanganidan keyin Telegram’ni yuklab olish ko‘paydi

Jahon 12:42 / 27.08.2024 2996

Telegram messenjerining mashhurligi uning asoschisi Pavel Durov Fransiyada hibsga olinganidan keyin oshdi. Butun dunyo bo‘ylab iOS qurilmalarida Telegram’ni yuklab olishlar soni kuniga 4 foizga oshdi, deb yozdi TechCrunch 26 avgust, dushanba kuni. 

Fransiyada Durov messenjeri shu kuni ijtimoiy tarmoq turkumida App Store’da yuklab olishlar bo‘yicha birinchi o‘rinni egalladi va ilovalarning umumiy reytingida uchinchi o‘ringa chiqdi. Amerikaning Apple gadjetlari uchun ilovalar onlayn-do‘konida Telegram 26 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlar turkumida biroz vaqt ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, keyin uchinchi o‘ringa tushib ketdi. 

App Store do‘konidagi eng yaxshi ilovalar (o‘yinlarni o‘z ichiga olmaydi) reytingida messenjer AQShda mashhurlik bo‘yicha 18-o‘rindan sakkizinchi o‘ringa ko‘tarildi, deb xabar bermoqda Appfigures servisi tahlilchilari. Ushbu reytingdagi o‘rin nafaqat o‘rnatishlar soni, balki yuklab olish tezligi, shuningdek, boshqa omillar bilan ham belgilanadi. 

Parij prokurori: Durov kiberjinoyatchilik ishi bo‘yicha ushlandi

Ikki kun avval Parijda ushlangan Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durov kiberjinoyatchilikka oid tergov doirasida hibsga olingani haqida Fransiya poytaxti prokuraturasi 26 avgust, dushanba kuni kechqurun ma’lum qildi. Idora ma’lumotlariga ko‘ra, u, xususan, uyushgan guruhlarning jinoiy faoliyatiga ko‘maklashish, ma’lumotlarni rasmiylarga topshirishdan bosh tortish hamda bolalar pornografiyasi, giyohvand moddalar savdosi, firibgarlik va jinoiy daromadlarni legallashtirish bilan bog‘liq jinoyatlarga sheriklikda gumon qilinmoqda. 

Reuters ta’kidlaganidek, tergovni kiberjinoyatchilik bilan kurashish milliy bo‘linmasi va firibgarlikka qarshi kurash bo‘limi olib bormoqda. Durov Telegram platformasi orqali amalga oshirilgan moliyaviy va kiberjinoyatlarga nisbatan harakatsizlikda ayblanmoqda, dedi agentlikka Fransiya politsiyasi vakili.

Hozirda bu ish yuzasidan 12 ta jinoyat bo‘yicha tergov olib borilmoqda, Durovga nisbatan Fransiyada sud jarayoni 8 iyul kuni boshlangan. Parij prokuraturasi press-relizida aytilishicha, hibsga olish muddati 96 soatgacha, ya’ni 28 avgustgacha davom etishi mumkin. 

Ko‘proq yangiliklar: