Avstraliya xalqaro talabalarni qabul qilishga cheklov kiritadi

Jahon 18:43 / 27.08.2024 1380

Avstraliya umumiy migratsiya darajasini pandemiyadan oldingi darajaga tushirish uchun xalqaro talabalarni qabul qilishga cheklov kiritadi, deb xabar bermoqda BBC.

Mamlakat xalqaro talabalarni o‘qitishda yetakchi o‘rinlarda turadi, ammo 2025 yilda yangi talabalar soni 270 ming bilan chegaralanadi.

27 avgust kuni hukumat har bir oliy ta’lim muassasasiga individual cheklovlar joriy etilishini e’lon qildi. Eng katta qisqartirishlar kasbiy ta’lim va o‘qitish sohalariga ta’sir qiladi.

Bu o‘zgarish oliy ta’limda norozilik uyg‘otdi, ba’zi universitetlar buni “iqtisodiy vandalizm” deb atamoqda, ba’zilari esa yangi chora sifatni yaxshilab, ta’lim sektorining “umrini uzaytirishini” ta’kidlamoqda.

Hukumatning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda Avstraliyada taxminan 717 500 nafar xalqaro talaba tahsil olmoqda.

Ta’lim vaziri Jyeyson Kler pandemiya davrida oliy ta’lim katta zarba olganini tan oldi, chunki Avstraliya xalqaro talabalarni uyiga jo‘natib yuborgan va chegarada qattiq nazorat o‘rnatgandi. Shu bilan birga, vazir universitetlardagi xorijlik talabalar soni hozirda COVID-19 dan oldingi davrga nisbatan 10 foizga, xususiy kasb-hunar ta’limi va o‘quv yurtlarida talabalar soni esa 50 foizga oshganini ta’kidladi.

“Talabalar bilan birga daydilar ham qaytishdi — odamlar bu sohadan tez pul ishlash maqsadida foydalanishga urinmoqda”, — dedi Kler.

Avvalroq hukumat ayrim ta’lim muassasalarini “axloqqa zid” xatti-harakatlarda, jumladan, tilni bilmagan talabalarni o‘qishga qabul qilishda, sifatsiz ta’lim yoki tayyorlov kurslarini taklif qilishda, o‘qishdan ko‘ra ishlash niyatida bo‘lgan odamlarni olishda ayblagandi.

Klerning so‘zlariga ko‘ra, cheklovlar Avstraliyaning uy-joy va infratuzilma muammolarini kuchaytirayotgan rekord darajadagi migratsiyani ham hal qilishga yordam beradi.

Hukumat xalqaro talabalar uchun ingliz tilini bilishga talabni kuchaytirish, vizaga da’vogarlarni qattiq tekshirish, sifatsiz xizmat ko‘rsatadigan muassasalarni jazolash haqida e’lon qildi.

“2025 yilda davlat universitetlarida talabalar soni 145 ming nafarga tushadi, bu 2023 yilgi ko‘rsatkichga deyarli teng”, — dedi Kler.

Xususiy universitetlar va universitet hisoblanmaydigan oliy o‘quv yurtlari 30 mingta yangi xalqaro talabalarni qabul qila oladi, kasb-hunar ta’limi muassasalari esa 95 mingta bilan chegaralanadi.

Klerning qo‘shimcha qilishicha, yangi siyosatga muvofiq universitetlar xalqaro talabalar uchun ko‘proq turar joy qurishga ham rag‘batlantiriladi.

O‘z navbatida oliy ta’lim muassasalari bu cheklovlar xalqaro ta’lim sektoriga zarar keltirishini ta’kidlamoqda. 2022–23 yillarda xalqaro ta’lim Avstraliya iqtisodiyotiga 36,4 milliard Avstraliya dollari ( 24,7 million AQSh dollari) miqdorida hissa qo‘shgandi va mamlakat o‘sha yili eksport bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinni egallagan.

Taxminlarga ko‘ra, qisqartirishlar Avstraliya iqtisodiga 4,1 milliard dollarga tushishi va 2025 yilda 22 mingga yaqin ish o‘rinlarining yo‘qolishiga olib kelishi mumkin.

Kler esa bunday xavotirlarni rad etmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: